Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan qabullar tizimi aholining talab va ehtiyojlarini qondirish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yana-da yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Poytaxtimiz aholisi uchun tashkillashtirilgan navbatdagi qabul IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida bo‘lib o‘tdi. Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan qabulda poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda boshqa masʼul rahbarlar ishtirok etishdi.
Qabul jarayonida turli masalalarda ellikdan ortiq murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning 20 tasi joyida ijobiy hal etildi, 14 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 17 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.
Bu kabi qabullar aholi va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni taʼminlash, muammolarni kechiktirmasdan hal etishda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu tadbirlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda samarali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.