To‘g‘ri qaror, ishonchli harakat suiqasdning oldini oldi
Tonggi soat 6.30 lar atrofida Yakkasaroy tumanidagi ko‘p qavatli uylarning biri oldida baqir-chaqir ovozlari ko‘pchilikni derazadan qarashga, hovliga chiqishga majbur qildi. Ko‘p qavatli uyning 9-qavatidagi ikki ayvon o‘rtasidagi bo‘shliqda yoshi taxminan 15 lardagi qiz pastlikka sakrab o‘z joniga qasd qilishga taraddudlanib turardi. Kimdir vaqtni boy bermay, uy yo‘lagiga o‘rnatilgan “tashvish” tugmasini bosdi. Xabar tushishi hamon tuman IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektori leytenant Sanjar Bekmurodov zudlik bilan voqea joyiga yetib keldi. Yordam kutishga fursat yo‘q. Holatni to‘g‘ri baholagancha, vaqtni qo‘ldan boy bermay yuqori qavatga yugurib emas, uchib chiqdi go‘yo. Qo‘shni uy ayvonidan qiz turgan joyga yaqinlasharkan, ohista ovozda qizni chalg‘ituvchi suhbatga tortdi. Biroq qiz stress holatida bo‘lib, tajovuzkorlik va qo‘pollik bilan suhbatdan bosh torta boshladi. Oradan daqiqalar o‘tib borar, qiz muloqotga kirishmas, qaroridan qaytmas va har soniyada o‘zini pastga tashlash bilan tahlikali vaziyatni vujudga keltirardi. Shu yaqin atrofda xizmat olib borayotgan, Sanjarning ortidan voqea joyiga izma-iz yetib kelgan PPX xodimi, safdor Firdavs Jahonov ham imkon qadar Sanjarga yordam qo‘lini cho‘zishga urinayotgandi. Sanjar arqon so‘radi, vaqt tig‘izligi sababli Firdavs o‘ylab o‘tirmay kamarini yechib bir uchini Sanjarga uzatdi. Sanjar qizning e’tiborini yo‘qotmagan holda kamarning ikkinchi uchini mahkam ushlab u tomon yaqinlasha boshladi. Oradan 15-20 daqiqalar o‘tib, Sanjar qaysar qizni mahkam ushlashga erishdi. Endi faqat qizning emas Sanjarning ham hayoti qil ustida turardi. Negaki, qizning harakatlariga ishonib bo‘lmas, bir nojo‘ya harakat qilsa, ikkisi ham pastga qulardi. Leytenantning samimiy mehribonligi, g‘amxo‘rligi qizga ta’sir qildimi, har holda fikridan qaytdi. Bu vaqtda shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ham yetib kelishgan vaziyatni yumshatish hamda profilaktika inspektori va qizni qutqarish ishlarini boshlab yuborishgan edi. Sanjar ular tashlagan arqon yordamida qizni yuqoriga beshikast ko‘tarilishiga yordam berdi. Qizni eson-omon ishonchli qo‘llarga topshirganidan ko‘ngli to‘lgan Sanjar chuqur tin oldi va o‘zi ham ruhiy charchaganini sezdi. Dastlabki, ma’lumotlarga qaraganda qiz o‘zaro oilaviy janjal tufayli o‘z joniga qasd qilishga uringanligi ma’lum bo‘ldi. Qizning onasi qutqaruv ishlarida qatnashgan barchaga, ayniqsa “Damariq” mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Sanjar Bekmurodovga chuqur minnatdorligini izhor etdi.
Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2021 yilda shahar IIBB PPX brigadasida, safdor lavozimida boshlagan. Yakkasaroy tumanida joylashgan “Damariq” mahallasi profilaktika inspektori lavozimida faoliyat yuritayotganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Biroq mahallada tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarlik va qonunbuzilishlarining oldini olish ishlarida faol. Ayni damda mahalla “sariq” toifaga o‘tkazilgan. Leytenant S.Bekmurodov Prezidentimizning mahallalar hududida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlari to‘g‘risida qabul qilgan qarorining mazmun-mohiyatini chuqur anglagan holda uning ijrosini ta’minlash borasida mahalla yettiligi, mas’ullar hamkorligiga tayanib bu boradagi ishlar sur’atini jadallashtirmoqda. Profilaktika inspektorlari tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom” yurt” oyligi doirasida mahallada tushuntirish ishlari ko‘lami barcha korxona-tashkilot va o‘quv yurtlarini qamragan. Profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, yettiligi hamda mutasaddilarning yagona maqsadlari hududda jinoyatchilikka barham berish, huquqbuzarliklarning oldini olish, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan.
Lavhamiz qahramonining poytaxt hududida osoyishtalik va tinchligi yo‘lida amalga oshirib kelayotgan ishlari e’tiborsiz qolayotgani yo‘q. Kuni kecha aniq va to‘g‘ri choralar qo‘llab, bir navqiron insonni ajal yoqasidan asrab qolishga erishgani ham e’tiborsiz qolmadi. Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar Mudofaa boshqarmasi, shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Bojxona boshqarmasi mas’ullari, xodimlari ishtirokida o‘tkazgan yig‘ilishida leytenant Sanjar Bekmurodovning mardona harakatlariga ijobiy baho berilib, unga tantanali ravishda tashakkurnoma e’lon qilindi hamda qimmatbaho sovg‘a bilan mukofotlandi.