Toshkent shahar IIBBda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari, bosh boshqarma va tarkibiy tuzilmalar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan bosh boshqarma boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov ichki ishlar organlari xodimlarini, faxriylarni hamda xizmat vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolarini bayram bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyatlar tiladi.
So‘zga chiqqan Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshev poytaxtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘rni beqiyosligini, ularning xizmati xalq eʼtirofida ekanligini alohida taʼkidladi.
Tadbir davomida o‘z xizmati bilan kasbdoshlariga o‘rnak bo‘lgan bir qator xodimlar Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlarining ko‘krak nishoni, faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB hovlisidagi “Xotira” yodgorligiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayram so‘ngida qatnashchilar uchun konsert dasturi va bayram dasturxoni tashkillashtirildi.