Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasida «Uch avlod» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan kuni kecha Bosh boshqarmaning PPX brigadasida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi hamda PPX brigadasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi, Faxriylar kengashi raisi, hozirgi kunda nafaqa gashtini surayotgan faxriylar, jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda faol ishtirok etib, jamoa o‘rtasida shaxsiy namuna ko‘rsatgan xodimlarning ota-onalar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda nutq so‘zlagan faxriylar keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish milliy qadriyatlarimizdan ekanini alohida taʼkidladi. Ularning uzoq yillik samarali xizmatlari davomida orttirgan tajribalari, jasorati va fidoyiligi o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida alohida o‘rin tutishini, ibratli hayot yo‘llari esa yoshlarda g‘ayrat-shijoatni, elu yurtidan g‘ururlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilishini takidladilar.
So‘zga chiqqan JTSB rahbariyati xodimlarga yaratib berilayotgan sharoitlar, ijtimoiy himoya va imtiyozlar yuzasidan uchrashuv ishtirokchilariga maʼlumotlar berdi.
Tadbir davomida xizmat vazifalariga vijdonan yondoshib, shaxsiy namuna ko‘rsatgan bir guruh xodimlarga va ularning ota-onalariga tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, uzoq yillar samarali xizmat qilib, nafaqa yoshiga yetgan xodimlarni nafaqaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi “Bugun” va “Kelajakni” birlashtira olgan uchrashuvlar yosh xodimlar uchun katta tajriba va hayot maktabi bo‘lib xizmat qiladi.