Bugun, 14 mart kuni Toshkent shahridagi “Yunusobod” sport majmuasida sportning voleybol turi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i kubogi musobaqasining final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa shiddatli va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Har bir jamoa g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Yangihayot tumani “Fayzli” mahallasi jamoasi g‘olib bo‘lib, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i kubogini qo‘lga kiritdilar. Ikkinchi o‘rin – Mirzo Ulug‘bek tumani “Farobiy” mahallasi jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Yunusobod tumani “Nurmakon” mahallasi jamoasiga nasib etdi.
Qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda esa Sergeli tumani “Yangi Sergeli” mahallasi jamoasiga teng keladigan raqib topilmadi. Ikkinchi o‘rin Bektemir tumani “Mirishkor” mahallasi jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa Yashnobod tumani “Axmad Yassaviy” mahallasi jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalarning har bir vakili, xususan jamoa sardori bo‘lgan mahalla profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi pul mukofotlari, medal va diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng faol himoyachi”, “Eng faol hujumchi”, “Eng faol sportchi”, “Eng yaxshi hakam” nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘oliblarga kubok va sovrinlarni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, shahar prokurori, soliq boshqarmasi boshlig‘i, DXX, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i, Sport boshqarmasi, voleybol federatsiyasi Toshkent shahar filiali boshliqlari tomonidan tantanali ravishda topshirdi.
Musobaqada xalqimiz sevgan sanʼatkorlarning kuy-qo‘shiqlar bilan chiqishlari o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Taʼkidlash joizki, musobaqada qatnashgan mahalla yoshlari bir jamoa bo‘lib harakatlanish strategiyasini o‘rgandi, hududiy profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi bilan yana-da yaqin bo‘lib, bir oila bo‘lib harakatlandi.