29 Noyabr 2023 Yil 1444

Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov Olmazor tumanida navbatdagi fuqarolarning sayyor qabulini o‘tkazdi. Qabulda tuman hokimi Azizxon Umarxanov, tegishli tashkilot va hududiy bo‘linmalar masʼul xodimlari ishtirok etdi. Mazkur qabulda “Ayollar daftari”da turuvchi 5 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari va overlog, “Yoshlar daftari”da turuvchi 2 nafar yoshlarga o‘zini-o‘zi band qilish uchun noutbuk, 3 nafar yoshga oliy taʼlim muassasalarining kontrakt to‘lovining muayyan qismi hamda “Temir daftar”da ro‘yxatda turuvchi 2 nafar fuqaroga salomatligini tiklashi uchun sertifikatlar topshirildi.


Ochiq muloqot tarzida o‘tgan qabulda 50 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etib, ulardan sog‘lig‘ini tiklash uchun yo‘llanma, moddiy yordam, probatsiya nazoratidagi shaxslarni ozod etish uchun sudlarga taqdimnoma kiritish, o‘zini o‘zi band qilishi uchun ish qurollari, tadbirkorlik qilish uchun subsidiya ajratish kabi muammolari bo‘yicha murojaatlari tinglandi.


Eʼtiborlisi, har bir murojaat bosh boshqarma boshlig‘i va mutasaddilar ishtirokida ko‘rib chiqilib, 22 ta masala joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 16 ta murojaatning ijrosi muddat talab qilgani sababli sohaviy xizmatlarga yuklatilib, nazoratga olindi. 9 nafar fuqaroga esa huquqiy tushuntirish berildi. Bu kabi sayyor qabullar poytaxtimiz tumanlarida davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech