Ayni saraton. Kunning tafti quyosh botganiga qaramay, hamon qaynoq. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi hovlilarning birida taʼmirlash ishlarini olib borayotgan to‘rt yigitning issiqdan kechki ovqatga ishtahasi ham bo‘lmadi. Yelvizak bo‘lsin deb, deraza va eshiklarni ochiq holda qoldirib uxlashga qaror qilishdi. Charchashgan ekanmi, dong qotib uxlab qolishdi. Bu vaqtda esa oftob tafti bosilgunga qadar tanishi Komiljon bilan chaqchaqlashib o‘tirgan Timur ketishga chog‘langanida soat tungi yigirma uchlar edi. Konditsioner tagida o‘tirganida bilinmagan ichkilik taʼsir qildimi yoki dim havomi u o‘zini yomon his qila boshladi. O‘ziga kelib yo‘lga tushganida esa soat tungi ikkilardan oshgandi. U bekat tomon mahalla ichidan harakatlanarkan deraza va eshigi ochiq hovlini ko‘rib, bir muddat o‘ylanib turib qoldi. Atrofda hech kim yo‘g‘u, ammo oyning yorug‘i go‘yo uning sirini fosh qilishga uringandek tuyuldi. Asta ichkari mo‘raladi. Uy yo‘lagidan pisib borib, xona ichkarisiga kirdi. Xona to‘rida to‘rt nafar o‘zi tengi yigitlar qattiq uyquda yotardi. U yon-atrofga alangladi. Har birining yonida uyali telefon. Xuddi o‘z tomorqasidan hosil tergandek, birin-ketin telefonlarni olib cho‘ntaklariga joylay boshladi. B.Nodirbekka tegishli bo‘lgan qiymati 2.000.000 so‘mlik “Samsung”, M.Murodaliga tegishli narxi 1.200.00 so‘mlik “Redmi Not 7”, S.Samariddinga tegishli bahosi 1.500.000 so‘mlik “Realmi”, V.Doniyorbekka tegishli 650.000 so‘mlik “Redmi 7” telefonlarini qo‘lga kiritgan Timur tun qaʼriga sho‘ng‘ib g‘oyib bo‘ldi. Ertasi kuni ularni arzon narxlarda notanish kimsalarga sotib yubordi. Tong sahar ustalarga qanday qurilish materiallari kerakligini so‘rash maqsadida qo‘ng‘iroq qilib, to‘rt yigitdan hech birining telefoniga tusholmagan uy egasi, hoynahoy hovlidagi temir-tersak, qurilish mollarini sotib, qochib ketgan bu yaramaslar, degan shum xayolda hovliqib uyiga kirib kelganida ularning yosh bolalardek g‘ujanak bo‘lib, shirin uyquda yotganini ko‘rib, yomon xayolga borganidan hijolat tortib ketdi. Uy sohibi yigitlarni uyg‘otganida ular telefonlarini topisholmay sarosimalanib qolishdi. Gap nimadaligini anglab, birgalikda tuman ichki ishlar organiga xabar berishdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi ochiq sud majlisida 1993 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta-maxsus, bo‘ydoq, muqaddam ikki marta sudlangan G‘.Timurning qilmishlariga qonuniy baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchining pushaymonligi, yoshi, oilaviy sharoitining og‘irligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchilarning daʼvosi yo‘qligini inobatga olib 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Asilbek Ro‘ziyevning ish yurituvidan olindi.