Toshkent shahriga tashrif buyurayotgan sayyohlar xavfsizligi taʼminlanmoqda
Dunyo boʻyicha sayyohlikni yanada oshirish uchun turli davlatlar e'tiborni jalb qiluvchi tadbirlar uyushtirish bilan sayyohlar oqimini oʻziga jalb qilish uchun samarali choralar koʻrmoqdalar.
Mamlakatimizda ham dunyo sayyohlarini jalb qilish uchun soʻnggi yillarda nafaqat tarixiy va madaniy tadbirlar, shuningdek, jahon miqyosidagi sport musobaqalari uyushtirish bilan ushbu yoʻnalishdagi ishqibozlarni jalb qilish yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Jumladan, boks, ogʻir atletika, yugurish marafonlari qatorida, “Pahlavon Mahmud” bahodirlar oʻyinlari, shuningdek, axborot texnologiyalar sohasidagi dasturchilarning oʻzaro bahs olib borishlari mamlakatimizga xorijiy mehmonlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Ana shunday tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 20-22-sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Navroʻz” istirohat bogʻida “Lazzatli Oʻzbekiston” xalqaro gastronomik festivalini keltirsak boʻladi. Unda Oʻzbekistonning hududlari va xorijlik mehmonlar oʻz pazandalik sanʼat asarlarini namoyish etmoqda.
Shuningdek, Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Kengashining 2023-yil 23-iyun kunidagi qarori bilan har 4 yilda bir marotaba oʻtkaziladigan futzal boʻyicha Jahon chempionatining 2024-yilgi musobaqalarining XX turi Oʻzbekistonda oʻtkazilishi ham muhim ahamiyatga ega. Jahon chempionati Andijon, Buxoro va Toshkent shaharlarida oʻtkazilsa, final turniriga oltita alohida qitʼa musobaqalarida qatnashgan jami 24 ta terma jamoa aʼzolari mamlakatimizga tashrif buyurgan.
Yuqoridagi ikkita xalqaro ahamiyatdagi tadbirlarga tashrif buyurgan mehmonlar va xorijlik sayyohlarga qulay sharoitlar yaratish, xavfsizligini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, yordamga muhtoj boʻlgan turistlarga tezkor va sifatli yordam koʻrsatilmoqda.