2 Oktyabr 2025 Yil 406

Toshkent shahrida “Profilaktika kuni” munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi

Poytaxt IIBB xodimlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Haftaning har payshanbasida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Profilaktika kuni” doirasida sohaviy xizmatlar, kuch-vositalarning barchasi mazkur tadbirga jalb qilinib, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘rta va oliy o‘quv yurtlari, korxona va tashkilotlar, mahallalar qamrab olinadi. Navbatdagi profilaktika kunida ham bu an’ana davom ettirilib, poytaxtning barcha tumanlarida sohaviy xizmat xodimlarning hamkorlikdagi faoliyati amalga oshirildi. Erta tongdanoq hududiy tuzilmalarda o‘tkazilgan yo‘riqnomada tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar bilan “qurollangan” xodimlar o‘z xizmat vazifalariga kirishdilar. Yuqorida qayd etilgan dargohlarda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, ochiq muloqot tarzidagi targ‘ibot jarayonlarida dolzarb mavzularda tushunchalar berildi. Jumladan, ayni damda nafaqat yurtimizda, balki jahonda dolzarb bo‘layotgan giyohvand, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi, axborot texnologiyalari sohasidagi kiberjinoyatlarga qarshi kurash, aholining kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish, ijtimoiy tarmoqlardagi tahdid va zararli chaqiriqlar, raqamli firibgarlik va yolg‘on ma’lumotlarga qarshi himoya immunitetini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish bo‘yicha targ‘ibot olib borildi.


Shu bilan birga mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar aholi o‘rtasida muhokama qilinib, ularning kelib chiqish sabablari, omillari tahlil qilindi, kelgusida bu kabi huquqbuzarlik va jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida tavsiyalar berildi.


Shuningdek, profilaktika kuni munosabati bilan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Shayxontohur tumanida joylashgan Noshirlik-matbaa texnikumi binosida aholi murojaatlarini o‘rganish maqsadida sayyor qabuli o‘tkazildi.


Olib borilayotgan profilaktik targ‘ibot ishlari jamiyatni birlashtirib, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish jarayonlarida qonun ustuvorligini ta’minlashda faolligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech