Toshkent shahrida ichki ishlar va prokuratura organlarida faoliyat yuritayotgan tergov bo‘linmalari xodimlarini o‘qitish, bilim va malakasini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari A. Usmanov, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i R. Ashropov va Toshkent shahar prokurori vazifasini bajaruvchi A. Urmanov boshchiligida o‘tkazilgan seminar-mashg‘ulotida 2025 yilda sudlar tomonidan chiqarilgan oqlov hukmlari hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 416 (sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda sudning harakatlari) va 417 (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) moddalari tartibidagi ajrimlar tahlili muhokama qilindi.
Oliy sud sudyalari I. Rahmonqulov va E. Turg‘unboyev tomonidan tergov (surishtiruv) organlari xodimlarining e’tibori o‘z faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga qaratilib, kelgusida ularni takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tergov va sud jarayonida inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan konstitutsiyaviy normalarga og‘ishmay amal qilish tergov organlari va sudlarning oldida turgan umumiy asosiy vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Mazkur seminarda ma’ruzachilar tomonidan berilgan ma’lumotlar yuzasidan qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi, berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, tergov sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha ishtirokchilarning takliflari tinglandi.
Seminar so‘ngida bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.