Toshkent shahar IIBBda rahbarning navbatdagi qabuli
Poytaxt aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi shaxsiy qabuli IIBB binosida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 45 nafar fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaatlari tinglandi. O‘rganishlar chog‘ida murojaatlarning o‘n beshtasi qabulxonaning o‘zida ijobiy hal etildi. To‘rt nafar fuqaroga huquqiy tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Murojaatlarning yigirma oltitasi bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv talab qilinganligi sababli muddat belgilanib, nazoratga olindi. Murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: surishtiruv va tergov harakatlari, tergovga qadar tekshiruv, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, ichki ishlar organi xodimining hatti-harakatlariga doir, ichki ishlar organiga ishga (o‘qishga) kirish, oila-turmush hamda boshqa ijtimoiy masalalarni tashkil etdi. Shuningdek, qabul chog‘ida murojaatlari ijobiy hal etilgan fuqarolar ortiqcha qog‘ozbozlik va sansalorlikka yo‘l qo‘yilmay muammolari hal etilgani uchun o‘z minnatdorliklarini bildirib, tashakkur izhor etishdi. Aholi bilan ichki ishlar organlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va fuqarolarning har bir murojaatlariga e’tiborning oshishi yurtimizda qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyati shakllanishida muhim qadamdir.