Yurtimiz Mustaqilligi har yili keng shodiyona bilan nishonlanadi. Barcha tashkilot va jamoalarda, mahalla hamda qishloqlarda xalqimiz ushbu bayramni quvonch va shodlik ila kutib oladi. Mana shunday bayram tadbiri “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh g‘oya asosida poytaxt IIBBda ham bo‘lib o‘tdi.
Bayramni kirish so‘zi bilan ochgan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Ichki ishlar vazirning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng R.Sultanxodjayev barcha xodimlarni, faxriylarni, xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolarini va butun xalqimizni Mustaqilligimizning 34 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berib, mamlakatimiz tinchligi butun dunyoda tan olinayotganligi, ko‘plab xalqaro forumlar va boshqa nufuzli tadbirlar, musobaqalar o‘tkazilayotgani xorijiy investorlar va turistlarni yurtimizga yanada ko‘proq jalb etmoqda. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik ortida ko‘plab huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining mehnati turganligini, tunu kun xizmat qilayotgan xodimlar o‘z xizmatiga sidqidildan yondashayotgani, hattoki, davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Ko‘rsatilgan har bir fidoyilik, o‘z qasamyodiga sodiq qolib xalq uchun beminnat xizmat qilayotgan xodimlar davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib kelmoqda.
Bu safar ham mustaqillik bayrami arafasida ichki ishlar idoralari xodimlarining bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan Toshkent shahar IIBB xodimasining borligi esa yanada g‘urur baxsh etadi.
Marosimda xalqimiz osoyishtaligini saqlash, qonun ustuvorligi va tinchlikni ta’minlash, jamoat tartibini mustahkamlashdek sharafli burchini bajarish chog‘ida mardlik, jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan Toshkent shahar IIBB va uning quyi tizimidagi bir guruh xodimlariga IIVning idoraviy ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, uzoq yillar davomida IIO safida xizmat qilgan xodimlarni nafaqaga kuzatish marosim ham bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimidan so‘ng bayram tadbirining badiiy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar IIBB “Nihol” jamoasi tomonidan teatrlashtirilgan badiiy-sahna namoyishlari taqdim etilib, yig‘ilganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi. Vatan, do‘stlik, mehru-oqibatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar esa tadbir ishtirokchilariga bayram kayfiyatini ulashdi.
Tadbir so‘ngida xizmat vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga ehtirom ko‘rsatildi.