Yurtimiz, xalqimiz xavfsizligi va osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish yo‘lida ichki ishlar organlari faoliyatining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Poytaxt ichki ishlar organlari xodimlari jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida tinimsiz faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda u zamonaviy ilg‘or texnologiyalar, moddiy-texnikalar, kuch-vositalar bilan, ayniqsa malakali va tajribali xodimlar bilan jamlangan nufuzli dargohdir.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan poytaxt IIBB da katta tantana bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh boshqarma rahbariyati, boshqa huquqni muhofaza qilish organlar rahbarlari, hududiy tuzilmalar boshliqlari, xodimlar, faxriylar hamda jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘lida o‘z hayotlarini qurbon qilgan xodimlarning oila a’zolari qatnashdilar. Tadbir boshlanishidan avval vafot etgan xodimlar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yildi. So‘ng tadbirning tantanali qismi boshlandi. Dastlab Bosh boshqarma boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovning bayram tabrigini yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi. Shuningdek, poytaxt ichki ishlar organlari xodimlarining tinchlik-osoyishtalikni saqlash, yurt-xalq manfaatlarini himoya qilish, qomusiy haq-huquqlarini ta’minlash borasida tunu kun olib borayotgan ishlariga urg‘u berdi. Xususan, davlatimiz rahbarining xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan, ichki ishlar xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, zamonaviy ish sharoitlari bilan ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga berilayotgan e’tibori ta’kidlanib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash borasida erishilayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Bu so‘zlarning dalili sifatida Prezidentimizning farmoni bilan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan xodimlar alohida e’tirof etildi. Tadbir davomida Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan, shuningdek bosh boshqarma boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan mukofotlangan xodimlarning mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Marosimda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar mas’ul rahbarlari ham ichki ishlar xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab, xizmat burchini vijdonan bajarayotgan, mardonavor faoliyat olib borayotgan xodimlarning mehnatini yuqori baholadi.
Shuningdek, xizmat vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolariga hamda IIO faxriylariga ehtirom ko‘rsatildi.
Bayram tadbirining badiiy qismi san’atkorlar hamda Toshkent shahar IIBBning “Nihol” jamoasi tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari bilan davom ettirildi.
Tadbir davomida davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan xizmatda foydalanish uchun zamonaviy avtotransport vositalari sohaviy xizmat bo‘limlari va boshqarmalariga tantanali ravishda topshirildi.
Bu kabi tadbirlar xodimlarni xizmatga bo‘lgan munosabatining rag‘bati, sidqidildan qilingan mehnati qadrlanishiga bo‘lgan ishonch ruhini yanada mustahkamlashiga, ayniqsa yosh xodimlarning kasbiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytirishiga shubha yo‘q.