Yoshlarga e’tibor – ertangi kunga qo‘yilgan poydevor misoli. Davlatimiz rahbarining huzurida 2025 yil 14 fevral kuni yoshlar bilan ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator topshiriqlar berilgan edi. Ularni ijrosini bajarish maqsadida, poytaxt yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, huquqiy savodxonligi, ongi va qonunga itoatkorlik hissini oshirish hamda ijtimoiy–maishiy muammolarini hal etishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Toshkent shahar IIBBda tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham mana shu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Yoshlar ishlari Agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Bobur Mirzayev, yoshlarga biriktirilgan tuman IIO FMB boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari, yoshlar ishlari agentligi tuman rahbarlari, DXX va boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozim, shu yilning aprel oyida Toshkent shahrida “Yoshlar balansi” shakllantirilib, o‘tkazilgan xatlov yakunlariga ko‘ra, 4 549 nafar “qizil” toifadagi yoshlar aniqlangan. Shulardan 337 nafari poytaxt IIBB tomonidan otaliqqa olinib, 84 nafar ichki ishlar organlari rahbarlari ularga mas’ul etib belgilandi. Endilikda bu yoshlarni doimiy nazorat qilib borish maqsadida Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan "Yoshlar bilan ishlash raqamli platformasi" joriy etildi hamda biriktirilgan 337 nafar yoshlar ushbu elektron platformaga kiritildi.
O‘z nutqida R.Sultanxodjayev Toshkent shahar tajribasi tariqasida joriy etilgan mazkur platforma yoshlar bo‘yicha yagona raqamli ma’lumotlar bazasi bo‘lib, ularning muammo va takliflari o‘z vaqtida to‘liq qabul qilinishi, yoshlar bilan ishlash jarayonlari shaffof va ochiq elektron tizim asosida yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladi.
Ushbu platformaga, Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismiga va Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi tizimiga murojaat qilgan, Xorijga chiqish pasportini olgan, Chet elga chiqib ketgan, probatsiya hisobida turib sud tomonidan belgilangan cheklovlarni buzgan, yo‘l harakati qoidalarini buzgan, Respublika miqyosida jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan ushbu yoshlar haqida kunlik ma’lumot kelib tushadi. Bu ma’lumotlar mahalla profilaktika inspektoriga hamda biriktirilgan rahbarga shu zahoti xabar bo‘lib yetib keladi va ular tomonidan tegishli choralar ko‘riladi.
Bosh boshqarma boshlig‘i o‘z nutqini yakunlar ekan, mas’ul rahbarlarga bir qator topshiriqlar berdi. Jumladan, har bir rahbar har oyda o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etish, otaliqqa olingan yoshlar tomonidan sodir etilgan holatlar aniqlanganda, ushbu yoshlar bilan uchrashib, muammolarini o‘rganish va hal etish choralarini ko‘rish, yoshlar platformasiga ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritib borish, hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini doimiy o‘tkazib borish kabilar.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan B.Mirzayev yoshlar uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar va murojaatlari bilan Bosh boshqarma boshlig‘iga yuzlandilar. Har bir murojaat tinglanib, rahbar tomonidan asosli javoblar berildi, o‘rganib chiqish vaqt talab qiladigan murojaatlar nazoratga olinib, mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklandi.
Uchrashuv so‘nggida namunali ishlagan yoshlar yetakchilari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. So‘ng estrada san’atkorlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Bu kabi ochiq muloqotlar Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinishi belgilab olindi.