1 Yanvar 2026 Yil 370

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultanxodjayevning Yangi yil tabrigi

Muhtaram hamkasblar, ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan mard va fidoyi xodimlarimizning oila a’zolari, aziz hamshaharlarimiz hamda poytaxtimiz mehmonlari!

Yangi — 2026 yil ostonasida barchangizni samimiy muborakbod etaman. Ushbu yil hayotingizda ezgu niyatlar, orzu-umidlar va xushxabarlarga boy bo‘lsin.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan kelayotgan yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani yurtimiz hayotida, xususan, ichki ishlar organlari faoliyatida yangi bosqichni boshlab beradi. Bu tashabbus poytaxtimizda xavfsiz va osoyishta muhitni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yanada kuchaytirish, mahallalarda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va ularga yangi mazmun bag‘ishlash uchun keng imkoniyat yaratadi.

Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan jamoat tartibini mustahkamlash, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar kelgusi yilda ham yangi yondashuvlar, zamonaviy usul va samarali mexanizmlar asosida yanada kuchaytiriladi.

Azizlar! Yangi yil diyorimizga tinchlik va osoyishtalik, taraqqiyot va ravnaq, xonadonlarimizga fayzu baraka, baxt-saodat va farovonlik olib kirsin. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkam bo‘lsin.

Barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli xizmatingizda muvaffaqiyatlar, oilalaringizga totuvlik va xotirjamlik tilayman. Yangi — 2026 yil muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan,

Ravshan Sultanxodjayev

Barcha yangiliklar

Text to speech