Toshkent shahar IIBB boshlig‘i diqqat markazida fuqarolar murojaatlari
Poytaxt IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatovning navbatdagi shaxsiy qabuli Bosh boshqarma binosida o‘tkazildi. Rahbarning qabuliga yetmishdan ortiq fuqarolar tashrif buyurishdi. Fuqarolarning murojaatlari ijtimoiy, maishiy hamda moddiy masalalarni, yaʼni bandlikni taʼminlash, kasb-hunarga yo‘naltirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, kommunal qarzdorlikni to‘lash, moddiy va ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish kabilarni qamragani holda, murojaatlarning aksariyatini tergov oldi va surishtiruv ishlari tashkil qildi. Taʼkidlash joizki, murojaatchilardan 29 nafarining masalalari bo‘yicha huquqiy maslahatlar va tavsiyalar berilib, ular bundan qoniqish hosil qildilar. 25 nafar fuqaroning murojaatlari joyida ijobiy hal etildi. 11 nafar shaxsning murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida alohida topshiriqlar berildi. Ularning bajarilishi Bosh boshqarma Murojaatlar bilan ishlash bo‘limidagi “Е-еlektron” tizimiga yuklanib, tegishli muddatlar belgilangan holda nazoratga olindi. Shuningdek, qo‘shimcha o‘rganish va tekshiruvlar talab qiluvchi 6 nafar shaxsning murojaatlari ham alohida nazoratga olindi. Tashrif buyurgan fuqarolar ularga har bir masala hamda murojaatlar bo‘yicha qabul jarayonida ko‘rsatilgan xushmuomalalik, eʼtibor va yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanligini ham eʼtirof etishdi.