13 Mart 2026 Yil 157

Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining navbatdagi sayyor qabuli Yakkasaroy tumanida bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda Bosh boshqarma rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli poytaxt aholisining vujudga kelgan savollariga qonuniy javob topish, muammolarini o‘rganish hamda hal qilishga bag‘ishlandi.

Sayyor qabul davomida 49 dan ziyod yuridik hamda jismoniy shaxslardan murojaatlar kelib tushdi. Murojaatchilarning muammolarini tinglash, ko‘tarilgan masalalarni chuqur sabablarini o‘rganish davomida ularning 16 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy hal etildi. 7 tasiga malakali huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi. O‘rganib qonuniy xulosa chiqarish uchun qo‘shimcha muddat talab etiladigan 19 ta murojaatlarning ijrosi bo‘yicha sohaviy xizmat rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, nazoratga olindi. Murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: surishtiruv va tergov harakatlari, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, plastik karta pullarini noqonuniy o‘zlashtirish, xizmat faoliyatini boshqa ichki ishlar organlariga ko‘chirish, yo‘l belgilarini o‘rnatish, shaxs hayoti va salomatligiga qarshi noqonuniy xatti-harakatlar, afv etish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga oid, oila-turmush doirasida kelishmovchiliklar kabilarni tashkil etdi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq, 4 nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligini olish iltimoslari qanoatlantirilganligi sababli, ularga tantanali ravishda ID kartalar topshirildi.

Barcha murojaatlar rahbariyat tomonidan e’tibor bilan tinglanib, ularda keltirilgan masalalarga yechim topish bo‘yicha tegishli qaror va ko‘rsatmalarning berilishi, aholining adolatga, qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan ishonchini yanada orttirishga xizmat qilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech