9 Fevral 2026 Yil 255

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida  ma’naviy-ma’rifiy tadbir sahna ko‘rinishlariga ulanib ketdi

Bugungi “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” ning mavzusi: buyuk shoir va mutafakkir, davlat arbobi, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning tavallud kuniga bag‘ishlandi. Shaxsiy tarkib oldida so‘zga chiqqan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti vakili Abdumurod Tilavov  Navoiy bobomizning buyuk adabiy merosi, she’riyati hamda shaxsiyati, jahon badiiy tafakkur taraqqiyotidagi muhim o‘rni haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Ma’ruzachi Navoiygacha bo‘lgan davr, siyosiy-tarixiy muhit haqida gapirarkan,  bolalikdagi do‘sti Husayn Bayqaro hukmronligi davrida yuqori davlat lavozimlarida ishlab, bir paytning o‘zida qizg‘in va sermahsul ijod bilan shug‘ullangani, she’riyat xazinasidan  o‘rin olgan  asarlari, ayniqsa xamsanavislik an’analari namunasi bo‘lgan“Xamsa”da jamlangan “Hayrat-ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” – besh dostonning har biri dostonchilik tarixida tiklangan mahobatli va muhtasham haykal ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, shaxsiy tarkib e’tiboriga IIBB qoshida faoliyat yuritayotgan “Nihol” badiiy havaskorlik guruhi tomonidan Hazrat Navoiy ijodi va hayotiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari  namoyish etildi.

Tadbir  “Tahlilnoma” axborot dasturi  namoyishi bilan yakunlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech