Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan navbatdagi Maʼnaviyat va maʼrifat darsi “Navro‘z – do‘stlik va birlik ramziga ega bo‘lgan umumxalq bayrami” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti vakili tarix fanlari doktori, professor Mirsodiq Isxoqov maʼruza qildi. U o‘z nutqida, bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal anʼana hisoblanishini, bu bayram do‘stlik hamda birlik ramziga ega bo‘lib, tinchlik, mehr-oqibat va bunyodkorlik qadriyatlarini tarannum etadigan umumxalq bayrami ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilarga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.
Tadbir yakunida Toshkent shahar ichki ishlar organlari yosh xodimlari o‘rtasida kibersport bo‘yicha musobaqada faol qatnashib, g‘oliblik va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.