Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Navro‘z – insoniyat tarixidagi eng qadimiy bayramlardan biridir. Manbaalarda keltirilishicha, mazkur bayram kamida uch ming yillik tarixga ega. Asrlar davomida Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz, Yaqin sharq va boshqa ko‘plab hududlarda yashovchi xalqlar tomonidan nishonlanib kelinadi. Toshkent shahar IIBB majlislar zalida o‘tkazilgan bugungi “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” “Qadim qadriyatlar tarovati” nomi bilan aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Uni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Umida Elmuratova keng ko‘lamda yoritib berdi. Abu Rayxon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Umar Hayyom, Abulqosim Firdavsiy, Hakim Termiziy, Abu Bakr Narshaxiy kabi buyuk allomalarning asarlarida Navro‘z haqida keltirilgan ma’lumotlarni ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, asrlar qa’ridan omon chiqqan Navro‘z mustaqillik davrida mazmunan boyitilgani, Xalqimizning qadim madaniyati, ezgu fazilatlari timsoliga aylanganini qayd etdi. Ma’ruzada ko‘plab tarixiy ma’lumotlarning keltirilishi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyishi bilan yakunlandi.