Retsidivist deb topilganiga qaramay, Qurbonboy eski hunarini tashlamadi. Ilgari bir necha marta firibgarlik jinoyati uchun sudlangan “qahramonimiz”ni eski “hunarining xumori” tutdimi, yana jinoyatga qo‘l urdi. Qamoqdan chiqib, Yakkasaroy tumanida joylashgan savdo majmualaridan birining avtoturargohida avtomashinalarning kirish-chiqishini tartibga solishdek oson va javobgarligi yo‘q ishga kirdi. Haydovchilar bu xizmati uchun uni quruq qo‘yishmaydi, ko‘ngildan chiqarib. ataganini tashlab ketishadi. Qurbonboyning qo‘li pul ko‘rdi, ammo u puli juda ko‘p bo‘lishini xohlardi.
Farzandlarini majmuaga kiritib, to‘xtash joyida kutib turgan Sunnatilla Qurbonboy bilan suhbatlashib qoldi. Gap orasida piyoda yurish joniga tekkanini ozgina pul to‘plagani, ammo u mashina sotib olish uchun kamlik qilayotganini aytdi.
– Qanchalarni ko‘zlayapsiz, – asta qarmoq tashladi Qurbonboy.
– Arang to‘rt ming dollar yig‘dim. Tezda olmasam, ro‘zg‘orga kirib ketishidan xavotirdaman. Har kun xotinim bilan urishib, tishimning kovagida asrab kelyapman,– hasrat qildi Sunatilla.
– Agar ishonsangiz tanishim SPARK sotayotgandi. Istasangiz to‘rt mingga ko‘ndirib beraman.
Sunnatilla ertasigayoq aytilgan to‘rt ming AQSH dollarini olib kelib Qurbonboyga tutqazdi. Shu-shu uni kunduzi chiroq yoqib qidirsa-da topa olmadi. Ishonuvchanligi pand bergan Sunnatilla Yakkasaroy tumani IIO FMBga murojaat qildi. Tergovda Qurbonboy olgan pullarni allaqachon o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi maʼlum bo‘ldi.
– Hozirgi kunda avtomashina olish imkoniyatlari keng. Agar yetarli mablag‘ yetmasa, banklar orqali kredit rasmiylashtirib xarid qilish eng ishonchlisidir. Biroq fuqarolar yaratilgan qulayliklarga qaramay, hamon firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolishmoqda, – deydi Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan A.Bafoyev. – Avtosalonlarda to‘lovlar haqida batafsil maʼlumotlarga ega bo‘lish mumkin. Sunnatilla qonuniy yo‘l tutganida, allaqachon avtomashina egasi bo‘lishi mumkin edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqib, Qurbonboyni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Jinoyatchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi sababli, Qurbonboyga bazaviy hisoblash miqdorining 330 baravari miqdorida jarima jazosi va ish haqining 10 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, bir yilu besh oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.