Tinchlik va ozodlik – bu insoniyatga berilgan eng yuksak neʼmatdir. Har bir shaxs erkin, farovon jamiyatda, sevimli oila, yaqinlar davrasida umrguzaronlik qilishga haqli. Shuningdek, bilib-bilmay jinoyat sodir etib, qilmishidan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlarga imkon berish, haq-huquqini tiklash insoniylikning oliy namunasidan darakdir. Poytaxt tumanlarida tuman sudlari, hokimiyat vakillari, IIO FMB rahbariyati, probatsiya bo‘limi, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar masʼullari, mahalla raislari, faollari, “yetti”ligini qamragan holda mahalla yoshlari, probatsiya ro‘yxatida turuvchi shaxslar ishtirokida tashkillashtirilayotgan sayyor sud majlislari, ochiq muloqot tarzidagi yig‘ilish va suhbatlar, profilaktik uchrashuvlar ana shu maqsadlar yo‘lidagi dadil qadamlardir.
Uchtepa tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida yuz nafar probatsiya hisobida turuvchi shaxslar bilan o‘tkazilgan profilaktik uchrashuvda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida huquqiy maʼlumotlar berilib, xulq-atvori ijobiy tomonga o‘zgargan, tuzalish yo‘liga o‘tgan o‘n besh nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda muddatidan ilgari jazodan ozod qilindi.
Shayxontohur tumanida joylashgan Sarxumdon mahallasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida tuman sudi, tuman hokimligi va Probatsiya bo‘limi vakillari hamda bo‘lim nazoratida turgan yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarga to‘xtalib, ularni jinoyatdan holi erkin va sog‘lom turmush tarzini tanlashga chaqirishdi. Shuningdek, qilmishlaridan chin pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan yetti nafar mahkumlar bo‘lim taqdimnomasiga binoan shartli ravishda jazodan ozod qilindi.
Mirobod tumanida joylashgan Abdulla Avloniy mahallasida ham shunday insonparvarlik tadbiri o‘tkazildi. Probatsiya guruhi hisobida jazo o‘tab kelayotgan o‘ttiz besh nafar nazoratdagi shaxslar bilan sayyor sud majlisi va ochiq muloqot tarzida o‘tgan profilaktik suhbatlarda mahkumlarga jazoni o‘tash tartib-qoidalari, zimmalaridagi majburiyatlar tushuntirildi. Sayyor sud jarayonida esa jazo o‘tash davomida mehnatga halol munosabatda bo‘lgan, jazo o‘tash tartib-qoidalariga rioya qilgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan o‘n olti nafar shaxsga tuman IIO FMB boshlig‘ining taqdimnomasiga asosan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etilib, erkin hayotga yo‘llanmalar berildi.
Bektemir tumanidagi Gubkin nomidagi litseyda tashkil etilgan sayyor sud majlisi va profilaktik uchrashuvga ilg‘or tadbirkor ham taklif etildi. U yoshlarga halol mehnat ortidan muvaffaqiyat va farovonlikka erishish borasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Tuman sudi, hokimlik va Probatsiya bo‘limi vakillari nazoratdagi yoshlarni hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlash, baxtli kelajagini yaratish uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar, berilayotgan imkoniyatlar, ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirdilar. Uchrashuv so‘ngida jinoyat sodir etgan, hozirda ijobiy xulqli va tuzalish yo‘liga o‘tgan besh nafar fuqaro Respublika Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda jazodan ozod etildi.
Muqaddam jinoyat sodir etib, xatosini anglab yetgan, qilmishlaridan chin dildan pushaymon bo‘lib, halol mehnatni tanlagan shaxslarga imkon berilishi, normal hayot tarziga qaytarilishi ularning jamiyatimizning faol fuqarosiga aylanishida samaradorligi bilan eʼtirofga loyiqdir.