Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi keng qatlamlarini sportga jalb qilish davlat miqyosidagi maqsadli vazifalardan biridir. Shu kabi vazifalar ijrosi sifatida kuni kecha Toshkent shahar IIBBda “To‘maris izdoshlari” musobaqasi o‘tkazildi. Unda poytaxt IIBB va hududiy bo‘linmalarida xizmat olib borayotgan 84 nafar ayol-xodimalar 5 ta yo‘nalish: “Eruditsiya yoki bilimdonlik”, ”O‘q otish tayyorgarligi”, “Harbiy tayyorgarlik”, “Jismoniy tayyorgarlik”, “Epchil, tejamkor va orasta beka” nominatsiyalari bo‘yicha qizg‘in bahslarga kirishdilar.
“Eruditsiya yoki bilimdonlik” sharti bo‘yicha kuch sinashgan ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi va an’analari, respublikamiz Qurolli Kuchlarining harbiy nizomi, “O‘zbekiston respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom” hamda sohaviy xizmatlarga taalluqli savollarga javob berishdi. Ikkinchi shart bo‘yicha har bir jamoadan 6 nafar xodima qatnashib, “Makarov” to‘pponchasidan nishonga o‘q uzish mashqini bajardilar. “Dinamo” suv havzasida 6 nafar xodima erkin uslubda 50 metr masofaga suzish bo‘yicha musobaqaning uchinchi shartida bellashishdi. Musobaqaning ikkinchi IIBB PPX brigadasida o‘tkazilgan “Harbiy tayyorgarlik” shartida belgilangan 5 donadan pichoq otish bahslarida esa musobaqaning ishtirokchilari o‘z merganlik mahoratlarini namoyon etdilar. Eng oxirgi “Epchil, tejamkor va orasta beka” sharti bo‘yicha har bir jamoadan qatnashgan 6 nafar xodimalar pazandalik iste’dodlarini ishga solishdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra jamoaviy hisobda 1-o‘rin Yakkasaroy tumani IIO FMB jamoasiga, 2-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB, 3-o‘rin IIBB YHXB va JTSB jamoalariga nasib etdi. Shuningdek, yakkalik bahs natijalariga ko‘ra “Eruditsiya yoki bilimdonlik” sharti bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan Yunusobod tumani IIO FMB profilaktika inspektori, leytenant Dilfuza Asadova 1-o‘ringa, Yakkasaroy tumani IIO FMB Kotibiyat ish yurituvchisi, safdor Lobar Rahmonova 2-o‘ringa, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Nazokat Toshboyeva 3-o‘ringa munosib deb topildi.
“O‘q otish tayyorgarligi” sharti bo‘yicha 1-o‘rinni Yashnobod tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, katta leytenant Mohinur Jo‘raboyeva, 2-o‘rinni Olmazor tumani IIO FMB Axborot texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarni oldini olish bo‘limi inspektori, katta leytenant Ma’mura Salixanova, 3-o‘rinni IIBB katta mutaxassisi, kichik serjant Dilafro‘z Jumagaldiyeva egalladi.
“Jismoniy tayyorgarlik” shartida 1-o‘rin IIBB PPXB inspektori, safdor Gulnoraxon Imomovaga, 2-o‘rin Yakkkasaroy tumani IIO FMB Kotibiyat katta ish yurituvchisi, safdor Shohsanam Mavlanovaga, 3-o‘rin IIBB PPXB inspektori, safdor Robiya Qo‘chqorovalarga nasib etdi.
“Harbiy tayyorgarlik” nominatsiyasida eng yuqori ball bilan 1-o‘ringa Mirobod tumani IIO FMB Yoshlar masalalari bo‘yicha profilaktika katta inspektori, mayor Aziza Orazbayeva, 2-o‘ringa Yunusobod tumani IIO FMB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, kapitan Dilnoza Ubaydullayeva, 3- o‘ringa Uchtepa tumani IIO FMB Kadrlar bilan ta’minlash guruhi kichik inspektori, safdor Gulnoza Maxsutovalar loyiq topildi.
Musobaqa shartlarini bajarishda o‘z bilimdonligi va mahoratlarini namoyish qilib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ayol-xodimalar Bosh boshqarma rahbariyati tomonidan tegishli diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Keng dunyoqarashi, kasbiy va jangovar tayyorgarliklari, shu bilan birga orasta uy bekasi bo‘lgan Toshkent shahar IIBB ayol-xodimalari xalqimizning oqillik va qahramonlik, vatanparvarlik ramzi – To‘marisning munosib izdoshlari ekanliklarini namoyon etishdi.