“Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi”, degan maqolni eshitmaganlar bo‘lmasa kerak. Maqolda jismoniy ko‘rlik haqida emas, ko‘zi ochig‘u qalbi ko‘rlar haqida, to‘g‘ri yo‘l qolib, qing‘ir yo‘ldan yurganlarga ishora.
Saydulla oliy maʼlumotli, Valijonning esa hamtovog‘idan farqi yoshida va maʼlumoti o‘rtaligida. Ikkalasi ham oilali, muqaddam sudlangan. Bu ikkisi jazoni o‘tash joylarida tanishib, orasidagi o‘n to‘rt yosh farqiga qaramay qalin hamsoyaga aylangan edi. Ozodlikka chiqishganida ham oradagi “qalin” do‘stona aloqalarini uzmagan. Bunga quyidagi voqea bayoni ham guvohlik beradi. 2021 yilning avgust oyida ikkisi uchrashib, uyimda yo‘q go‘jalik, ko‘nglim tusar xo‘jalik, degandek cho‘ntagida hemiri yo‘q - tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qilishdi – qarz ko‘tarib. “Xitoy davlatidan xo‘jalik mollarini keltirib sotmoqchi edik”, deya ko‘rsatma berishadi har ikkisi tergov jarayonida. Ungacha esa ...
Shu maqsadda ular pul topish uchun tanish-bilishlaridan qarz so‘ray boshlashadi. Hech kimdan pul chiqmaydi. Tanishlaridan biri Alisher degan sudxo‘rning foizga so‘ralgan pulni berishi mumkinligi haqida aytib qoladi. Ular oyoqlarini qo‘lga olishib “qaydasan Alisher?”, deya uni qidirib, yo‘lga tushishadi. Biroq Alisher deganlari anoyi emas ekan. Ularning aft-basharalari, gaplaridan shubha qilib, ayni paytda puli yo‘qligini aytib oyoq tirab oldi. Hamtovoqlarning qayta-qayta yalinishlari sari u foiz qiymatini oshira bordi. Axiyri, yigitning sazasi o‘lguncha ho‘kizning shoxi sinsin, qabilida erkaklar ko‘ylagi yengiga taqiladigan ikkita tilla tugma-to‘g‘nog‘ichi borligini, ularning har biri bir yarim ming AQSH dollaridan qimmat turishi, istashsa shuni berishi mumkinligini aytib, tugmalarni ko‘rsatdi. Tilla tugmalar 3.500 AQSH dollariga baholanib, bir oy ichida 35 ta qo‘y evaziga qaytarish sharti bilan “bo‘lg‘usi tadbirkorlar”ning qo‘liga o‘tdi. Biroq katta foiz evaziga olingan tilla tugmalarning asl bahosi bir yarim ming AQSH dollariga ham yetmadi. Tadbirkorlikni boshlamay turib, “kuyib” qolgan hamtovoqlar sudxo‘rdan o‘ch olish niyatida “yashirinishga” qaror qilishdi. Ammo Alisher deganlari o‘z mijozlarini yerga kirsa qulog‘idan, osmonga chiqsa oyog‘idan tortib tushiradiganlar xilidan edi. U tuman ichki ishlar organiga murojaat qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ochiq sud majlisida 1975 yilda tug‘ilgan K.Valijon hamda 1989 yilda tug‘ilgan, N.Saydullaning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, K.Valijonni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-modda 2-qismi “a,b” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi va ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda bir yilu olti oyga axloq tuzatish ishlari jazosiga, N.Saydullani 168 modda, 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, bir yilu olti oyga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. Har ikkisiga jazo tayinlashda ularning tergov organi bilan aybiga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, zarar qoplanganligi, jinoyatni ochishda faol ishtiroki inobatga olindi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Feruzaxon Hakimova tanishtirdi.