27 Iyun 2024 Yil 2807

Til bilgan el bilar

Humoyun Mirzatillayev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi  huquqni muhofaza qilish Akademiyasini 2023 yilda muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent shahar IIBB Yashnobod tumani IIO FMBda profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Otasi Otabek Satimbayevning ham ichki ishlarda faoliyat yuritishi sabab unga xizmat ko‘nikmalarini  egallash qiyin kechmadi.  Yosh leytenantning tirishqoqligi, ishga sidqidildan yondashishi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. Ko‘p fursat o‘tmay, u poytaxt IIBB  Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektorligiga  taklif qilindi.  Ingliz, rus va turk tillarida bemalol so‘zlashuvi  unga xorijiy sayyohlar bilan ishlashda juda qo‘l keldi.

– Yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar, mehnat shartnomalari asosida ishlovchi xorijliklar bilan ham baʼzan  anglashmovchiliklar yuz berib turadi. Xuddi shunday hodisa hindistonlik bir necha mehmonlar bilan yuz berdi. Ular pasportlarini yo‘qotib qo‘yishib, ichki ishlarga murojaat qilishdi, – deydi leytenant Humoyun Mirzatillayev.  – Ularning safar yo‘llarida qidiruv ishlari natija bermadi. Mehmonlarning vataniga qaytish muhlatlari esa yaqinlashib borardi. Mahalliy profilaktika inspektori, tegishli idoralar bilan hamkorlikda ularga yangi hujjatlar rasmiylashtirilib, vatanlariga qaytarishga muvaffaq bo‘lindi.

Yoki Turkiya davlati fuqarosi bilan bo‘lgan  voqea ham yozishga arzigulikdir. O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Turkiya kompaniyasining ishchisi bo‘lgan Bilol o‘z ish haqini ololmay  ichki ishlarga murojaat qildi. Ichki ishlar idoralari tomonidan  tegishli idoralarga murojaatlari natijasida ish beruvchidan to‘liq ish haqini oldi.

Humoyunning ish tajribasida sayyohlarning adashib qolishi, buyumlarini unutib qoldirishi, biror xizmat ko‘rsatilishidan norozilik bildirishi kabi voqealar uchrab turadi. Ularni qonun doirasida hal qilish, yurtimizning go‘zal  maskanlarini erkin tomosha qilish, asori atiqalarimiz bilan tanishib, O‘zbekistonimiz haqida iliq va yoqimli xotiralar bilan  vatanlariga qaytishida poytaxt IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlarining hissasi katta. Ana shu hissaning kichik bo‘lagida  boshqarmaning yosh  xodimi, leytenant Humoyun Mirzatillayevning ham ulushi borligi quvonarlidir.

Barcha yangiliklar

Text to speech