11 Iyun 2024 Yil 734

Yengil hayot ishtiyoqida

Ellik yoshni qoralab qolgan Alik (ismlar o‘zgartirilgan)  panjara ortida o‘tirib,  tavbasiga tayanmagan ekan. 2023 yilning oktyabrida ozodlikka chiqiboq,  bir oy o‘tar-o‘tmas yana sudning qora kursisiga o‘tirdi. O‘z hayoti  haqida jiddiy o‘ylasa, hechdan ko‘ra kech, degandek, umrining qolgan qismini  tinchlik-farovonlikda, osuda o‘tkazishga harakat qilsa bo‘lardi. Ammo... Shu qisqa muddat ichida bir emas uch marotaba o‘g‘irlik jinoyatiga qo‘l urdi.  O‘zini oqlash uchun omadsizligi, ijtimoiy qiyinchiliklar ezib qo‘yganini ro‘kach qilib, sud hayʼatining rahmini keltirishga urindi.  Nima emish, atrofdagilar, yaqinlari unga ishga joylashish, hayotga ko‘nikishda, yashashi uchun pul topishda yordam berishmabdi. Aslida ham shundaymikan?!

Ozodlikka chiqishi bilan Alik yaqin qarindoshining xonadoniga joylashdi. Birinchi hafta quyuq mehmonnavozliklar, anchadan beri ko‘rishmagan do‘stlar, yaqinlar bilan sershovqin o‘tirishlarda o‘tib ketdi. Mashhur kinofilmda qahramonimizning “o‘g‘irlading, ichding, qamoqqa tushding”, degan iborasi umrining talay qismini  panjara ortida o‘tkazgan Alikka ham tegishli bo‘ldi. O‘z hayoti haqida o‘ylash, yaxshi tomonga o‘zgartirish uning xayoliga ham kelmadi. Ter to‘kib ishlash, halol pul topish fikri unga yot edi. Yengil pul topish, yengil hayot kechirish – uning shioriga aylandi. Kunlar o‘tib, u eski odati bo‘yicha Chilonzor tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskaniga kirib, u yerda kassaga navbat kutib turgan  yosh qizlarni  “nishonga” oldi. Ulardan biri telefonda so‘zlashayotgan bo‘lsa, ikkinchisining telefoni  kurtkasi cho‘ntagida ko‘rinib turardi. U atay qizni turtib, qizning uyali telefonini epchillik bilan cho‘ntagidan sug‘urib oldi. Ertasi kuni notanish kimsalarga 300.000 so‘mga sotib yubordi. Shu yo‘l bilan u fuqarolarga 13.500.000 so‘m zarar yetkazishga ulgurdi. Bir hafta o‘tib xuddi shu oshxonaga kirib yana bir kimsaning uyali telefonini o‘g‘irlayotgan paytda  tuman IIO FMB tezkor-qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. 

Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan Alikka nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bilan  jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari yakunlangach, ayblov xulosasi qonuniy jazo tayinlanishi uchun tuman sudiga yuborildi.  Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan Alikka nisbatan olti yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Olti yil – qahramonimizga qilmishlari, hayoti haqida jiddiy o‘ylashga yetsa kerak.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Chilonzor tumani IIO FMB Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Kamoliddin Narziyevning tergov amaliyotidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech