Jinoyatga jazo muqarrar. Bu tamoyil O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida aniq-tiniq ko‘rsatilgan bo‘lib, har bir jinoyat turi bo‘yicha turlicha jazo choralari belgilangan. Ayrim shaxslar sodir etgan qilmishi uchun qonun oldida javob bermaslik maqsadida va jazosiz qolishga urinib, qochib, yashirinib yurishni afzal bilishadi. Ammo ular bu qilmishlari bilan jazoni kechiktirishi mumkin, lekin qutulib qolishning iloji yo‘q. Chunki, tezkor-qidiruv xizmati xodimlari bunga aslo yo‘l qo‘yishmaydi hamda jazo muqarrarligi prinsipini taʼminlaydilar. Bu boradagi ishlar tahliliga nazar solsak, joriy yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida Toshkent shahar IIBB va uning hududiy tizimlari tomonidan tergov va sud organlaridan yashirinib kelayotgan 2688 nafar shaxsning 1168 nafari aniqlanib, ushlangan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan moddalar kesimida kuzatadigan bo‘lsak, quyidagi jinoyatlarni sodir etgan qidiruvdagi shaxslar ushlanganligini ko‘rishimiz mumkin: 97-modda (“Qotillik”) – 6 nafar; 104-modda (“Og‘ir tan jarohati yetkazish”) – 12 nafar; 118-modda (“Nomusga tegish”) – 4 nafar; 164-modda (“Bosqinchilik”) – 14 nafar; 165-modda (“Tovlamachilik”) – 6 nafar; 166-modda (“Talonchilik”) – 18 nafar; 135-modda (“Odam savdosi”) – 3 nafar; 169-modda (“O‘g‘irlik”) – 169 nafar; 168-modda (“Firibgarlik”) – 532 nafar; 167-modda (“O‘zganing mulkini talon-taroj qilish”) – 42 nafar; 277-modda (“Bezorilik”) – 24 nafar; 273-276-moddalar (Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq) – 75 nafar; boshqa turdagi jinoyatlar bo‘yicha 237 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, uzoq yillar avval jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan qochib yurgan 73 nafar qidiruvdagi shaxslar aniqlanib, qilmishlariga yarasha jazo muqarrarligi taʼminlangan. Misol uchun, 2012 yildan beri qidiruvda bo‘lgan – Jinoyat kodeksining 135-modasi 3-qismi bilan ayblangan 1977 yilda tug‘ilgan Risolat 19 mart kuni, xuddi shunday 2019 yildan 168-moddada nazarda tutilgan jinoyati uchun qidiruvda bo‘lgan 1991 yilda tug‘ilgan Bobur 4 mart kuni, 2019 yildan Jinoyat kodeksining 97-moddasidagi jinoyatni sodir etgani uchun ayblanib, qidiruvda bo‘lgan 1984 yilda tug‘ilgan Oleg 23 yanvar kuni IIO xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.
Hududimizda jinoyat sodir etib, MDH va boshqa xorijiy davlatlarga chiqib ketib, jazodan qutulish niyatida bo‘lgan 37 nafar shaxs xorijiy hamkor tashkilotlar tomonidan ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Shuningdek, respublikamiz hududidan chiqib ketib qo‘shni davlatlarda jazodan qochib yurgan shaxslarning manzilini aniqlash va ushlash maqsadida MDH davlatlari: Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarga uyushtirilgan xizmat safarlari natijasida mazkur davlat huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida 50 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi.
Misol uchun, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan ayblanib, qidiruvda bo‘lgan 1982 yilda tug‘ilgan Aleksandr joriy yilning yanvar oyda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida ushlanib, 2025 yil 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi bo‘yicha ayblangan, 2009 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1980 yilda tug‘ilgan G‘ayrat deyarli 16 yil davomida qidiruvda bo‘lgan bo‘lsada, 2025 yil 3 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida qo‘lga olindi. Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan ayblangan, 2024 yildan qidiruvda bo‘lgan 1981 yilda tug‘ilgan Farrux Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida yashirinib yurgan joyida 2025 yilning 15 aprelida xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.
Jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi va qonun ustuvorligi prinsiplari taʼminlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplanishiga erishilgan.
Jinoyatlar oqibatida fuqarolar, davlat va jamoat tashkilotlariga yetkazilgan 238 mlrd 524 mln so‘mlik moddiy zararlardan 212 mlrd 389 mln so‘mi yoki 89,0 foizi qoplangan.
Qidiruvdagi shaxslarning ushlanishi – fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan murojaatlari hal etilishiga, huquqlari tiklanishiga, davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Jinoyat sodir etib, qonuniy jazodan qochib tergov va sud organlariga pand bermoqchi bo‘lgan ayblanuvchilar qanchalik harakat qilishmasin, vaqtni cho‘zmasin, baribir qonun oldida javob beradi. Qonun esa barchaga barobar.