24 Iyun 2025 Yil 941

Tezkor qidiruv xizmati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipi belgilab qo‘yilgan. Lekin ayrim shaxslar sodir etgan qilmishi uchun qonun oldida javob berishning o‘rniga, tergov va sud idoralaridan qochib, jazodan qutulib qolishga intiladi. Lekin tezkor qidiruv xizmati xodimlari qidiruvdagi shaxslarni ushlab, qonun ustuvorligini ta’minlaydilar.

2025 yil boshidan poytaxtda jinoyat sodir etib, tergov va suddan qochib yashiringanligi sababli 2 461 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakillari tomonidan 860 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan.

Ularning 412 nafari 168-modda (“Firibgarlik”), 123 nafari 169-modda (“O‘g‘rilik”), 45 nafari giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar, 32 nafari 167-modda (“ O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish”), 24 nafari 277-modda (“Bezorilik”), 17 nafari 166-modda (“Talonchilik”), 7 nafari 104-modda (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”), 5 tadan 164 (“Bosqinchilik”), 165 (“Tovlamachilik”), 97-modda (“Qasddan odam o‘ldirish”) lar va qolgan 185 nafari boshqa moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslardir.

Davlatlararo hamkorlik munosabatlarning mustahkamligi natijasida 29 nafar qidiruvdagi fuqarolar boshqa davlatlarda ushlanib O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.

Shuningdek poytaxt IIBB Tezkor qidiruv xizmati xodimlari MDH davlatlariga xizmat safariga borib, u yerdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda 50 nafar qidiruvdagi shaxslarni ushlab O‘zbekistonga olib kelishgan. Ulardan 44 nafari Rossiya Federatsiyasida, 4 nafari Qozog‘iston Respublikasida, 2 nafari Qirg‘iziston Respublikasida ushlangan.

Misol uchun, 1980 yilda tug‘ilgan I.G‘ofur 2009 yil dekabr oyida bosqinchilik jinoyatini sodir etganligi uchun qidiruv e’lon qilingan. Deyarli 16 yil davomida odil sudlovdan qochib yurgan shaxs 2025 yilning 3 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida ushlangan va Toshkent shahriga olib kelinib, tergovga jalb qilingan.

1981 yilda tug‘ilgan A.Farrux esa 2024 yil may oyida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zgalar mulkini talon-taroj qilganlikda ayblanib, qidiruv e’lon qilingan edi. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida u 2025 yilning 15 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida qo‘lga olinib, Toshkent shahriga olib kelindi. Endilikda u sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida javob bermoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda 555 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan. Ulardan 399 nafari Toshkent shahrida qidiruvga berilganlar, 156 nafarini boshqa viloyatlarda qidiruvga berilgan shaxslarni tashkil etadi.

Natijada jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi va qonun ustuvorligi prinsiplari ta’minlangan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplanishiga erishilgan. Jumladan ushbu qidiruvdagi shaxslar tomonidan jabrlanuvchilarga jami 22 mlrd 153 mln so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 9 mlrd 535 mln so‘m miqdoridagi moddiy zarar qoplanishi ta’minlangan.

Qidiruvdagi shaxslarning ushlanishi – fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan murojaatlari hal etilishiga, huquqlari tiklanishiga, davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir yo‘nalishga e’tibor qaratsak – bedarak ketganlar.

Yil boshidan Toshkent shahri hududida bedarak ketganlik holati bo‘yicha 3 183 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu fuqarolarning 3 148 nafari bir necha soat ichida topilib, yaqinlari bag‘riga qaytarilgan.

35 nafar shaxslar hozirgi kunda qidirilmoqda, ularning 22 nafari ruhiy kasallikka chalingan bo‘lib, o‘zi haqidagi ma’lumotni aytib berish imkoniga ega emas.

Bedarak ketganlarni qayerdaligini aniqlash va oilasiga qaytarish choralarini ko‘rish maqsadida IIO xodimlari tunu kun xizmat olib bormoqda. Har bir aniqlangan shaxslar bilan individual ishlanib, bedarak ketish sabablari o‘rganiladi, oilaviy muammolar sababli uyidan ketib qolish holatlari aniqlansa, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam berish choralari ko‘riladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech