13 Mart 2026 Yil 152

Tergovchi bo‘lish osonmas, ammo ...

Ichki ishlar organlarida har bir sohaviy xizmatning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Sohalarning bir biri bilan chambarchas uyg‘unlikda faoliyat yuritishi ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Biroq tergov sohasi inson taqdiri, buguni hamda kelgusi hayotini hal qilishda o‘zgacha ahamiyat kasb etishi bilan ajralib turadi. Holbuki, tergovchining sodir etilgan jinoyatning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglab qonuniy tasniflash, haqiqatni ochishda chuqur bilim, tajribaga tayanish, dalillarni ochiqlash, sinchkovlik va puxtalik bilan ish yuritishi insonni adolatga bo‘lgan ishonchini oshiribgina qolmay, jamiyatda qonunga bo‘lgan hurmatni shakllantiradi. Buni uzoq yillardan buyon poytaxtimizning Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida tergovchi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan podpolkovnik Larisa Paraxina o‘ziga shior qilib olgan. Lavhamiz qahramoni rahbariyat tomonidan topshirilgan har bir jinoiy ishni qonuniy nihoyasiga yetkazishga kirisharkan, holat ortida inson hayoti turganini, uning ortida esa oilasi, yaqinlari, jamiyat turganini chuqur his qiladi. Ilk ustozi – Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik Leonora Isakova o‘rgatganidek, har bir tergov jarayoniga nafaqat tergovchi balki psixolog sifatida puxta tayyorgarlik ko‘radi. Bu uning o‘z kasbiga chuqur mehr qo‘ygani, zimmasidagi masʼuliyatni teran his qilishidan dalolatdir. Podpolkovnik L.Paraxina tomonidan yuritilgan har bir jinoiy ish malakali tasniflangani bois qayta tergovga qaytarilmagan. Uning masʼuliyatliligi, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishi Respublika Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, poytaxt IIBB, tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan tashakkurnoma, minnatdorlik, Faxriy yorlik, pul mukofotlari bilan eʼtirof etib kelinmoqda. Lavhamiz qahramoni o‘zining ilk mustaqil tergov ishini shunday xotirlaydi.

– Bezorilik holati bo‘yicha bir necha o‘zim tenggi yigitlarni hodisa bo‘yicha so‘roq qilishim kerak bo‘lgandi. Ular meni tergovchi sifatida ko‘rmay, turli qochiriqlar qilishar, o‘zlarini ko‘chada yurgandek, gaplarimni jiddiy qabul qilishmasdi. To‘g‘risi, kattalardan yordam so‘rashga iymanganman. Ochig‘i, bu ish menga juda qiyin kechgan, ruhiy qiyinchiliklar tug‘dirgandi o‘shanda. Lekin katta dars bo‘lgan. Tergovchi bo‘lish osonmasligi, hali o‘z ustimda ko‘p ishlashim, doimo ishlashim kerakligini anglaganman.

Ichki ishlar organlarida ilk faoliyatini 2001 yilda safdorlikdan boshlagan Larisa Paraxina bugun podpolkovnik. Xizmatdoshlari orasida hurmat-eʼtiborga ega, tajribali xodim. Kuni kecha 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan podpolkovnik L.Paraxina Respublika Ichki ishlar vazirligining “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani uning xizmatlariga berilgan munosib baho bo‘lib, uni yana-da yangi marralar sari undashi shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech