Afsus bilan ta'kidlash lozimki, bugungi kunda ma'naviyat, ma'rifat, madaniyat o‘rnini moddiyat egallab bormoqda. Boylikka ruju qo‘yish ortidan insoniylik, o‘z hayotining, umrining qadriga yetish, qilmishning oqibatini o‘ylash kabilar oxirgi qatorlarga – to pushaymon va afsus nadomat kelgunga qadar surib qo‘yilmoqda. Boylik orttirish o‘zgalarga ziyon, yaqinlariga musibat yetkazish, boshqalar umri, taqdiriga befarqlik bilan bo‘lishi kerak emas. Yengil, oson yo‘l bilan katta pul topishni va'da qilayotganlarning tuzog‘iga tushayotgan yoshlar katta pulning ortida katta muammolar, mudhish oqibatlar turishi haqida o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. Yana bir narsa – katta pul va'da qilayotganlar – ular voqea ortida noma'lum bo‘lib qolish chorasini allaqachon ko‘rib qo‘yishgan, jazoni esa siz tortasiz. Mana bunga yana bir misol. Shoxruhbek ota-onasining ko‘zini quvontirib sog‘lom voyaga yetdi. O‘z bilimi bilan institutga o‘qishga kirdi. Hademay, oliy ma'lumotli bo‘lishi, oq-qorani tanib, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ishongan, institutni bitirishi bilan uylantirishni niyat qilib yurgan ota-onasining boshiga o‘sha kun yashin urgandek bo‘ldi. Tergov jarayoni ham bir navi-ya, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ochiq sud majlisida, 2004 yilda tug‘ilgan Shohruhbekning qilmishlarini qonunan baholab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybli deb topdi. U 10 yilga ozodlikdan mahrum qilganida ota-onasining ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi. Xushsurat, baquvvat, es-hushi joyida, ne-ne umidlar bilan katta qilgan o‘g‘lining o‘n yili qamoqda o‘tishini ko‘z oldiga keltirgan ota-onaning holatini tushuntirish qiyin. Voqea esa bunday bo‘lgandi.
Shoxruhbek tengqurlari ichida ziyrakligi, xushmuomala, zehni o‘tkirligi bilan ajralib turar, kelajagi porloq yigit sanalardi. Ammo u o‘zida bor imkoniyatlar, sharoitlarga qoniqmay, to‘g‘risi shukr qilmay, internet tarmog‘i orqali 600-700 AQSh dollari va'da qilinayotgan tarmoqqa kirdi. O‘zini “Maestro” deb tanishtirgan kimsa bilan gaplashib va ishga kirishdi. 2024 yilning 9 mart kuni tanishi Danilni aylanib kelish uchun sayrga chaqirdi. Shu kuni soat 14.30 larda tuman JQB va PPX xodimlari ikki yigitni to‘xtatib, suhbatga tortganida, Shoxruhbek o‘zini notabiiy tuta boshlagani ularda shubha uyg‘otdi. Tekshirilganda, uning yonidan 5 dona izolentaga o‘ralgan yashil kukunsimon modda, elektron tarozi topildi. Surishtiruvlarda u bularni belgilangan manzillarga eltib, xufiya joylarga joylashtirib kelish vazifasini olganligini aytdi.
— O‘ziga to‘q oilaning farzandi, nufuzli institutlarning biri talabasi bo‘lgan Shohruhbek hashamat, tengdoshlaridan ustun bo‘lishdek kibrga berilgani oqibatida jinoyatga qo‘l urdi, — deydi Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, katta leytenant Baxron Karimov. – Boylik o‘z o‘zidan, osongina kelmasligi, uzoq, mashaqqatli halol mehnat orqali kelishiga sabr qilmagan yigit o‘z umrining shuncha yili besamar va afsus-nadomatda o‘tishi haqida o‘ylab ko‘rsa kerak, endi.
Qissadan hissa: tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi, deyishadi. Tez va ter to‘kmay boyish niyatida bo‘lganlar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishsa, o‘zlari uchun koni foyda bo‘lardi.