TDIUda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Muloqotda universitet rektori T.Z. Teshabayev, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik I.R. Tillayev, soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida mamlakatimizda raqamli texnologiyalar va kiber xavfsizlik yo‘nalishida ta’lim, ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda bu sohada zamonaviy ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbir doirasida jamiyatda kiberjinoyatchilik muammosiga bag‘ishlangan ma’ruza ham o‘tkazildi. Unda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarning turlari, ularning aholi hayoti va davlat xavfsizligiga salbiy ta’siri, axborot resurslari va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishning dolzarb jihatlari atroflicha yoritildi. Ma’ruzachilar zamonaviy texnologiyalar orqali yuzaga kelayotgan tahdidlar, kiberbulling, raqamli firibgarlik va ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish holatlariga e’tibor qaratdilar. Shu bilan birga, ular bunday jinoyatlarning oldini olishda profilaktik choralar, aholi, ayniqsa, yoshlarning kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish hamda bu yo‘nalishda davlat organlari, oliy ta’lim muassasalari va jamiyatning o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Uchrashuv doirasida universitet va Bosh boshqarma o‘rtasida raqamli texnologiyalar va kiber xavfsizlik yo‘nalishida hamkorlik qilish hamda tajriba almashish bo‘yicha strategik Memorandum imzolandi.
Imzolangan ushbu strategik hujjat ikki yirik muassasaning — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining o‘zaro hamkorlikdagi yangi bosqichini boshlab berdi. Memorandumning asosiy maqsadi raqamli texnologiyalar va kiber xavfsizlik sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyotni birlashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini yana-da oshirish, sohada yuzaga kelayotgan tahdidlarga zamonaviy va samarali yechimlarni ishlab chiqishdan iboratdir. Shu bilan birga, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish, sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy etish va raqamli izlarni tahlil qilish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash mamlakatimizda xavfsiz va barqaror raqamli muhitni shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etib o‘tildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish qaratilgan samarali ishlar olib borilmoqda. Universitetda tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” va unda imzolangan strategik hamkorlik memorandumi — amaliy sa’y-harakatlarning yorqin ifodasi desak bo‘ladi.