8 Yanvar 2025 Yil 352

Tavba o‘rniga jinoyat

Kamoliddin ilk talonchilik jinoyatini sodir etganida balog‘at yoshiga ham yetmagan edi. Undan keyin jinoyatlar halqasi bir-biriga ulanib ketaverdi: bosqinchilik, tovlamachilik, o‘g‘irlik. Ota-onasi oilali bo‘lsa quyilib, aqli kirib qolar, degan o‘yda o‘g‘lining qamalib chiqqanini yashirib, uylantirib qo‘yishdi. Biroq, keyingi qamalganida turmush o‘rtog‘i erining tarixidan xabar topib, bir farzandini olib uyiga ketdi va ajrashishga qaror qildi. Avvaldanoq oila mas'uliyatini his qilmagan Kamoliddin birgina nafsi, hoyu havaslari yo‘lida tarallabedod hayot kechira boshladi. Xavfli residivist maqomini olganligiga qaramay gunohlarini yuvish, hayot tarzini o‘zgartirish haqida zarracha o‘ylamadi. Qamoqxonadagi o‘rni sovumay turib, 2022 yilning 3 dekabrida yana jinoyatga qo‘l urdi. Shu kuni soat 18.30 larda tumandagi Cho‘pon-ota ko‘chasida joylashgan qahvaxonalardan biriga kirib tamaddi qilarkan, yon-atrofdagi xo‘randalarni kuzata boshladi. Ikkita stol narida bir necha erkaklar qizg‘in suhbatlashishar, aftidan yaxshigina kayfi bor edi. Kamoliddin stol ustiga beparvolarcha tashlab qo‘yilgan, narxi 2.500.000 so‘m bo‘lgan “Redmi Note 10” uyali telefoniga ko‘zi tushdi va qo‘ng‘iroq qilib olish uchun so‘radi. Aloqa yaxshi emasligini bahona qilib, asta-asta qahvaxonaning orqa eshigi tomon yura boshladi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. M.Sergey bir ozdan so‘ng hushyor tortib telefonini so‘ragan xo‘randani qidirishga tushdi. Gap nimadaligini anglab, tuman ichki ishlar organiga murojaat qildi.

– Qahvaxonadan chiqqan Kamoliddin oradan ko‘p vaqt o‘tmay telefonni 400.000 so‘mga notanish kimsaga sotib yubordi, – deydi Chilonzor tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Artur Kamolov. – Besh marotaba sudlanib ham es-hushini yig‘ib olmagan Kamoliddinning mazmunsiz umri, o‘z taqdiriga befarqligi, o‘zini qo‘pol va tajovuzkor tutishi bu kimsaning qanchalar zalolat botqog‘iga botganligidan dalolat beradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida R.Kamoliddinning qilmishini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Yetkazilgan zarar qoplanganligi inobatga olinib, ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech