Xabaringiz bor, joriy yilning 1 aprelidan 30 apreliga qadar Respublika IIV tizimida “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz” shiori ostida “Maʼnaviyat oyligi” ni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra joylarda xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini, madaniy-axloqiy darajasini oshirib borishga ishtiyoqini kuchaytirish, bilim va salohiyati, dunyoqarashini kengaytirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan navbatdagisi poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazildi. Tuman IIO FMB xodimlari “Yangi O‘zbekiston bog‘i” va “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurishdi. Ular bog‘ hududida yurtimizning qadim tarixidan bugungi kunigacha bo‘lgan yuksalishi haqida so‘zlovchi pannolar, stendlar va tasvirlar bilan yaqindan tanishdilar. Bog‘dagi “Shon-sharaf muzeyi, Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalari qatorida bog‘larning ko‘kalamzorlashtirilgani, antiqa dov-daraxtlar va gullar bilan obodonlashtirilgani ham ularning eʼtiborini tortdi. Xodimlar tashrifdan iliq taassurotlar bilan qaytdilar. Shuningdek, tuman IIO FMB binosida kitob yarmarkasining tashkillashtirilishi ham nur ustiga aʼlo nur bo‘ldi. Xodimlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan bilimlar manbai namoyishida turli mavzulardagi kitoblarning taqdimoti, tanlash imkonining kengligi bois, xodimlar nafaqat o‘zlarining balki farzandlari va oilasi uchun qiziqarli va zarur bo‘lgan adabiyotlarni mamnuniyat bilan xarid qildilar. Bu kabi maʼrifiy tadbirlar poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi tizimlarida davom ettirilmoqda.