Mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, balki mahalla faollari ham mas’ul ekanliklarini unutmaslik lozim. Mahallada sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarni sabablarini aniqlash va ularni kelgusida takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sodir etilgan jinoyatlar fuqarolar ishtirokida muhokama etib kelinmoqda. Kuni kecha Sergeli tumani “Birdamlik” mahallasida sodir etilgan jinoyat muhokama qilindi. Qayd etilishicha, joriy yilning 7 mart kuni fuqaro 1989-yilda tug‘ilgan A.Bobur Sergeli tumani IIO FMBGA ariza bilan murojat qildi. Shu kuni tungi soat 22.20 larga yaqin tanishi 1987-yilda tug‘ilgan B.Olmos bilan janjallashib qolganini, janjalga uning tanishi 2005-yilda tug‘ilgan A.Abdumo‘min ham aralashgani, oqibatda ikkovlon Boburga tegishli narxi 2.500.000 so‘mlik “Samsung S 21” telefonini tortib olib qochib ketganligi aniqlandi. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida talonchilar zudlik bilan qo‘lga olinib, tergovga jalb qilindi. Holat yuzasidan Sergeli tumani IIO FMB Tergov bo‘lmi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilar protsessual tartibda ushlandi. Jinoyat muhokamasida Toshkent shahar IIBB va tuman IIO FMB rahbariyati, mahalla yettiligi, fuqarolari, faollari hamda boshqa mutasaddilari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mazkur jinoiy holatga tanqidiy baho berishdi. Shu bilan birga hududda bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatlar va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan shu yilning yanvar oyida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorga to‘xtaldilar. Qarorning ijrosini ta’minlashga bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish, har bir bandining ijrosiga mas’ul shaxslarni belgilash bo‘yicha o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.