Talonchilik jinoyati jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Yangi yil kirib kelganiga hech qancha vaqt bo‘lmay, Marat ismli shaxs o‘z hayotini talonchilik jinoyati bilan boshladi. Tafsilotlari esa quyidagicha. 2025 yilning 2 yanvar kuni Toshkent shahar IIBBning “102” rahamiga 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro X.Jahongirdan murojaat tushdi. Unda bayon etilishicha, shu kuni taxminan soat 14.00 larda Bektemir tumanidagi ko‘chada ketayotganida, Marat ismli shaxs undan qo‘ng‘iroq qilib olish uchun uyali telefonini so‘ragan. Narxi 2.000.000 so‘m bo‘lgan “Texno 20” telefon apparatini qo‘lga kiritgach esa telefonni qaytarib bermasligini aytib, yuz qismiga musht tushirgancha voqea joyidan qochib ketgan.
Holat yuzasidan zudlik bilan tergov-tezkor ishlari olib borilib, jinoyatchining shaxsi aniqlandi va u daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (“Talonchilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Kelgusida bu kabi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik, huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolarni ogohlik va hushyorlikka chaqirish ishlari ko‘lamini kengaytirish maqsadida Bektemir tumani IIO FMB da ushbu jinoyatning sabab va sharoitlari tanqidiy muhokama qilindi. Muhokamada m.f.y. raislari, mahalla “ettiligi” va fuqarolar ishtirok etdi. Xulosa asnosida profilaktika inspektorlarining mahalla mutasaddilari, faollari bilan hamkorlikni mustahkamlash, mahalla ahli o‘rtasida profilaktik va targ‘ibot ishlarini jadallashtirish, tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishildi.