13 Iyul 2025 Yil 675

Talabalik kursisidan sudning kursisiga

Oliy o‘quv yurtida o‘qish – u yerga kira olmay yurgan yoshlar uchun katta armon. Muzaffar esa bunday imkoniyatning qadriga yetmadi. O‘z hayotini chiroyli qurish, baxtli, farovon kelajagini yaratishga intilmadi. U oliygohning so‘nggi bosqichida o‘qiyotganida aynidi-qo‘ydi. Institutni bitirish arafasida ham diplomlik, ham avtomashinalik, jaraq-jaraq pullarga ega bo‘lish fikri uni jinoyatga boshladi. O‘zi talaba emasmi, talabalarning ehtiyoj va xohishlarini yaxshi bilgan Muzaffar axborot tizimi va axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan o‘z g‘arazli maqsadlarida foydalanishni rejalashtirdi. Ijtimoiy tarmoqlarga kirib turli: “Studentlar uchun arzon ijara”, “Talabalar uchun arzon xonadonlar”, “Bepul ijaraga uy topib beraman”, “Ko‘nglingizdagi ijara – bizda” kabi eʼlonlarni kiritib, ijaraga arzon yashash joyi qidirayotganlarni qiziqtirdi. 2023 yilning 1 oktyabrida S.Zafarbek eʼlonda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi. Muzaffar haqiqatda mavjud bo‘lmagan uch xonali xonadonni uch yulduzli mehmonxona singari taʼriflab, mijozni qiziqtirib qo‘ydi va avvaldan, plastik kartasiga 50 AQSH dollari o‘tkazishini aytdi. Zafarbek shundoqqina metro bekatining yonida joylashgan xonaga ko‘chib o‘tishiga kafolat bo‘lgan – aytilgan pullarni o‘tkazdi. 3 oktyabr kuni Muzaffarga qo‘ng‘iroq qilgan K.Javohir ham firibgarning “to‘riga” ilinib 50 AQSH dollariga teng summani Muzaffarning plastik kartasiga o‘tkazdi. 4 oktyabr kuni N.Oqilaxon 150 AQSH dollarini, 6 oktyabr kuni Q.Turdimurod 1.000.000 so‘mni telefonda ko‘rsatilgan raqamlarga o‘tkazib berishdi. Voqeaning avvalida pul o‘tkazib, “hojatbarorni” topa olmay puliga kuyganlar chuv tushganini allaqachon payqagan va ichki ishlar idoralariga murojaat qilganlaridan bexabar Muzaffarning keyingi firiblariga ichki ishlar organlari tomonidan chek qo‘yildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi ochiq sud majlisida Q. Muzaffarning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “g” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Uning zararni to‘liq qoplaganligi, chin dildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchilarning daʼvosi yo‘qligini inobatga olib Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima jazosini qo‘lladi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Sharofiddin Yuldashev tanishtirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech