Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda giyohvandlik moddalari, psixotrop, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining turli yo‘llar, chunonchi ijtimoiy tarmoqlarda mo‘may daromad va’da qilish orqali ularni tarqatish, iste’mol qilishga da’vat etuvchi, diniy ekstremizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi havola va kontentlar ko‘payib bormoqda. Achinarlisi, nopok kimsalar tomonidan ustomonlik bilan to‘qilayotgan to‘rga yoshlar aldanib, o‘z hayotlari, baxtli kelajagini xavf-xatarga qo‘yib, tushmoqda. Hali ongu shuuri to‘liq shakllanib ulgurmagan, qat’iy hayotiy tajriba va bilimlarga ega bo‘lmagan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, zararli hatti-harakatlardan himoya qilish, ogohlantirish borasida poytaxt IIBB tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shunday tadbirlardan navbatdagisi Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘i Otabek Xadjayev va boshqa mutasaddilar tomonidan tumanda joylashgan Amaliy fanlar universiteti hamda Farmatsevtika instituti talaba-yoshlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan suhbatlarda talaba-yoshlar orasida sodir etilayotgan jinoyatchilik, giyohvandlik va psixotrop dori vositalarining tarqalishi, iste’molining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlardagi turli diniy ekstremistik g‘oyalarga qarshi himoya immunitetini hosil qilish, shuningdek yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga urg‘u berilib, foydali mashg‘ulotlarga da’vat etildi. Ma’ruzalarni katta qiziqish va diqqat bilan tinglagan talabalar o‘z qiziqtirgan savollariga mas’ullardan batafsil javoblar olishdi. Bu kabi tadbirlar poytaxt IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan joylarda izchil davom ettirilmoqda.