Toshkent shahar IIBB Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar boshqarmasida har doimgidek ish qizg‘in. Xodimlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritish, hujjatlar va ma’lumotlar bilan ishlash kishidan tajriba, mahorat hamda o‘ta sinchkovlikni talab etadi.
O‘z kasbining ustasi bo‘lgan bosh mutaxassis, kapitan Ramiz Nasritdinov hamkasblari – yetakchi mutaxassis, podpolkovnik Yelena Romanova, katta inspektor, katta serjant Alisher Tursunov hamda kichik inspektor, safdor Sa’dulla Akramovlar bilan jazoni o‘tab chiqqan, muqaddam sudlangan shaxslarning hujjatlarini o‘rganarkan, hatto oddiy jihatni ham ko‘zdan qochirishmaydi.
Kapitan R. Nasritdinov xodimlarga tegishli topshiriqlarni bergach, mazkur yo‘nalishda hisobi yuritiladigan kitoblarning yuritilishini tekshirish uchun tuman IIOFMBlarga yo‘l oldi. U hujjatlardagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish borasida mas’ul xodimlarga tavsiyalar berib, ro‘yxatga olinadigan kitoblarning to‘liq yuritilishi ta’minlanishini nazoratdan o‘tkazdi.
– Ishimizning o‘ziga xos murakkab tomonlari bor, – deydi kapitan R. Nasritdinov. – Xususan, vazifamiz avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini shakllantirish, yuritish, rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash, jamlash, saqlash, taqdim etish va masofadan olish imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Xizmat faoliyatida samaradorlikka erishishda oilaning ham o‘rni muhim. Ramiz Nasritdinovning onasi Zulxumor opa o‘g‘lining duogo‘yi. Turmush o‘rtog‘i Naimaxon esa uning ishongan suyanchi. Ular oila qurganiga ham 10 yildan oshdi. Bu juftlik farzandlari Azamat, Muharram va Muhammadyusuflarning baxtu kamolini ko‘rish niyatida ularni tarbiyalab voyaga yetkazishmoqda.
Ko‘pgina vaziyatlarda mazkur boshqarma xodimlari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlardan foydalanib jinoyat ochayotgan xodimlar kelib o‘z minnatdorligini bildirib ketishadi. Bu ham ular olib borayotgan xizmatning besamar ketmayotganligidan dalolatdir.