Sog‘lom tanda sog‘lom aql, degan ibora bejizga aytilmagan. Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib va tadbiq etish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, xalqimizning ma’nan hamda jismonan sog‘lom va barkamol bo‘lishiga berilgan e’tibordir. Ichki ishlar vazirligi tizimida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Ma’naviyat oyligi” doirasida Toshknet shahar IIBB tizimida ham bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha Yakkasaroy tumanida joylashgan sport majmuasida poytaxt ichki ishlar tizimi xodimlari o‘rtasida sportning yengil atletika turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Musobaqada Bosh boshqarma tizimlaridan har bir jamoada 12 nafar ishtirokchidan iborat 14 ta terma jamoa qatnashdi. Musobaqa shartlariga ko‘ra yosh toifalarida: 100, 200, 400, 800, 1000, 3000 metrlik masofalarga yugurish, yugurib kelib uzunlikka sakrash va joyidan turib sakrash yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi. Bellashuvlarni diqqat bilan kuzatgan hakamlar jamoalarning sa’y-harakatlari, g‘alabaga bo‘lgan g‘ayrat-shijoatlarini adolat bilan munosib baholab borishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra umumiy hisobda: birinchi o‘rin - Toshkent shahar IIBB “Qo‘riqlash” boshqarmasi terma jamoasiga, 2-o‘rin Shayxontohur tumani IIO FMB hamda 3- faxrli o‘rin Yashnobod tumani IIO FMB jamoasiga nasib etdi. G‘oliblar hamda musobaqa ishtirokchilariga Bosh boshqarma hamda “Dinamo” JTSJ kengashi tomonidan joriy etilgan sovrinlar, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.