4 May 2025 Yil 803

Soxta mehribonlik

2024 yilning 11 iyuni. Soat millari kechki oltidan oshganiga qaramay kunning tafti hanuz tushmagan. Hali yoz chillasi kirmagan-u, lekin issiqdan odam o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi. Mehrangiz “Rohat ko‘li” avtobus bekatida betinim yelpig‘ichini yelpirkan avtobus yo‘lini poylardi. Yonida o‘ralashayotgan yigitga bir-ikki beparvo qaradi-da, o‘z xayollari bilan band bo‘ldi. Keyingi safar qaraganida uning tez-tez, deyarli yugurishdan beriroq bo‘lib ketayotgani eʼtiborini tortdi. Darhol sumkasini tita boshladi. Uning yugurishi bejizga emas ekan. Qizning sumkasi ichidagi narxi 3.324.000 so‘mlik “Redmi Note 12” telefoni va 300.000 so‘m puli bo‘lgan plastik kartasi o‘g‘irlangan edi. U vaqtni boy bermay Bektemir tumani IIO FMB ga murojaat qildi. Bekatga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi yordamida o‘g‘ri tez aniqlandi. Ichki ishlar xodimlariga eshikni ochgan X.Trofimning onasi voqeani eshitgach, qattiq iztirobga tushdi. “O‘sha kuni ukam yiqilib, oyog‘ini sindirib olgandi. Onam kasalxonama-kasalxona yugurib, puldan qiynalib qoldi. Men yordam bermoqchi edim”, deb ko‘rsatma beradi Trofim o‘z qilmishi haqida. Uning gapiga ishonging keladi-yu, lekin muqaddam ikki marotaba o‘g‘irlik uchun sudlanganini bilgach, o‘zini onasi-yu ukasiga mehribon ko‘rsatishga urinayotgani yolg‘on ekanligi, aslida niyati o‘g‘irlangan telefonni sotib o‘z ehtiyojiga ishlatish bo‘lganligi fosh bo‘ladi. Trofim onasiga telefonni arzimagan narxga sotib yuborganini aytgani uchun onasi farzandining gunohini yengillatish uchun o‘z yonidan jabrlanuvchiga xuddi shunday telefon olib berdi. Mehrangiz Trofimga nisbatan hech qanday daʼvosi yo‘qligini bayon qilgani sud tomonidan uning qilmishini yengillashtiruvchi holat sifatida baholandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida X.Trofimni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor deb topdi va 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Mazkur jinoyat ishi Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Muhammadrizo Eshpo‘latovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech