28 Oktyabr 2024 Yil 500

Soxta “gazchi” fuqarolarni chuv tushirdi

Bir yil ishlab tuman “Hududgaztaʼminoti” korxonasidan bo‘shab ketgan Aziz biror ishning boshidan tutmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ish o‘rinlari eʼlonlarini kuzatib ish tavsiya qilgan xotiniga birini uzoq, birining oyligi kam, yana biriga boshqacha bahonada, uyali telefonini titib o‘tirishdan qiziqroq mashg‘ulot topa olmadi. Uning ishlamay, ro‘zg‘or yukini xotini yelkasiga tashlab qo‘yishidan zada bo‘lgan rafiqasi shu zaylda davom etaversa, voyaga yetmagan farzandini olib ota uyiga ketishi va ajrashishini maʼlum qildi. Noiloj qolgan Aziz shunda ham hiyla ishlatib, go‘yoki ish qidirgan bo‘lib ko‘chaga chiqib ketadigan, bekorchilikdan tentirab keladigan odat chiqardi. Xotini bu shumligini ham bilib qolgach esa firib yo‘liga o‘tdi. U tumandagi 1935 yilda tug‘ilgan, yolg‘iz yashovchi S.Galinaning uyiga tashrif buyurdi. Uning gaz hisoblagich moslamasining yo‘qligini bilgani holda jarima to‘lashi bilan “qo‘rqitib”, gaz hisoblagichini o‘z narxida qo‘yib berishga vaʼda berib 350.000so‘m pulini oladi. 1947 yilda tug‘ilgan B.Jannadan 500.000 so‘m,  1975 yilda tug‘ilgan Alisherdan  600.000 so‘m, D.Valentinaning gaz plitasini taʼmirlashning imkoni yo‘qligi, is gazidan zaharlanishi mumkinligini aytib, plitani yangilab berish sharti bilan 1.200.000 so‘mini olib, chuv tushirib ketadi. Aziz 2023 yilning avgust-sentyabr oylarida fuqarolarning  2.650.000 so‘m pullarini olib o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.

–  Hadeganda gaz hisoblagich kelavermagach, Galina gaztaʼminoti korxonasiga Botirni izlab boradi. Biroq korxonadagilar bunday ishchi yo‘qligini aytishadi. Boshqa jabrdiydalar ham turli ismli gaz xizmatchisini qidirib borishganda,  firibgarning tuzog‘iga ilinganini sezib, ichki ishlar organlariga murojaat qilishadi, – deydi Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan B.Beknazarov. – Jabrdiydalarning aldanib qolishiga yana bir sabab, Aziz bu xonadonlarga tashrif buyurganda, hech kim uning hujjatlarini so‘ramagan, haqiqatdan ham hududgaztaʼminotida ishlash-ishlamasligini tekshirmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi 1998 yilda tug‘ilgan Azizning qilmishini ochiq sud majlisida ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  168-moddasi 3-qismi  “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli, deb topdi. Uning pushaymonligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni to‘la qoplaganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech