5 Iyul 2025 Yil 1281

Sohasi — barmoqlar “sirini” fosh etish

Har bir jinoyatning yoki uni sodir etgan jinoyatchining o‘ziga xos “qo‘li”, “izi” bo‘ladi. Ana shu izlar qanchalik tez va to‘g‘ri o‘rganilsa, aniqlansa, jinoyat ochildi, deyavering. Jinoyatchi o‘z qilmishlarini nechog‘lik yashirmasin, turli xiyla-nayranglar ishlatmasin, uni fosh etish, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlash uchun diqqatni jamlab, zarradek bir daliliy ashyo topish – igna bilan quduq qazigandek gap. Sohaning o‘ziga tortar tomoni ham o‘shanda-da. Lavhamiz qahramoni leytenant Sardor Nig‘matullayev o‘zini ana shunday “izlar” bilan ishlash sohasiga bag‘ishladi. Uning bu qarorga kelgani maktab chog‘lariga borib taqaladi. O‘z orzusini ro‘yobga chiqarish uchun u tinmay shug‘ullandi, kitob o‘qishni qo‘ldan qo‘ymadi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlaridan qaytiboq, Respublika IIV Akademiyasiga ishonch bilan hujjatlarini topshirdi. 2023 yilda o‘quv dargohini muvaffaqiyatli tamomlab, poytaxt Yashnobod tumani IIO FMB EKB eksperti lavozimida ish boshladi. EKB boshlig‘i, podpolkovnik Eduard Shestokrilov hamda katta ekspert, podpolkovnik G‘anisher Majanovlar ustozligi ostida nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamladi. Birinchi mustaqil ishi haqida Sardor shunday hikoya qiladi;

– “Damas” avtomashinasining oynasini sindirib, katta miqdordagi pul o‘marilgani hodisasi bo‘yicha voqea joyiga chiqdik. Kun qizigandan qizigan. Tajribali guruh aʼzolari allaqachon o‘z ishlarini tugatgan. Birgina men, terga botib “iz” izlayapman. Ular menga ham umid bilan, ham ishonqiramay qarab-qarab qo‘yishmoqda. O‘zim ham tushkunlikka tusha boshladim. Uzoq, sinchiklab ko‘zdan kechirish jarayonida baribir “iz” topishga muvaffaq bo‘ldim. Xursand bo‘lganimni ko‘rganingizda edi. Izlarni kartoteka orqali tekshirib jinoyatchini aniqlaganimda mendan baxtli odam yo‘q edi, nazarimda. Ustozlarim birinchi mustaqil muvaffaqiyatimni eʼtirof etisharkan, “o‘z ustingda ishlashdan erinma!” degan so‘zlari doim qulog‘im ostida jaranglab turadi.

Leytenant Sardor Nig‘matullayev o‘z ishiga o‘ta masʼuliyat bilan yondashishi, puxta va mehnatsevarligi bois rahbariyat eʼtiboriga tushdi va joriy yildan Toshkent shahar IIBB EKM eksperti lavozimida, daktiloskopiya yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. Albatta, Bosh boshqarmaning Ekspert-kriminalistika markazidagi ish hajmi va masʼuliyati tumandagidan farq qiladi. Markazning bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Shahzod Shakirov yosh xodimga yangi ish joyida ko‘nikma hosil qilish hamda tajribasini boyitish bo‘yicha yaqindan yordam berib kelmoqda. Uning orzusi - kelgusida sohaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham malakasini oshirib, yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilish, poytaxtda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash ishlariga o‘z hissasini qo‘shish.

Barcha yangiliklar

Text to speech