27 Yanvar 2025 Yil 1795

Sizning yaqiningiz yoki tanishingiz psixofaol moddalarni iste'mol qilayotganini qanday belgi va alomatlar orqali tushunishingiz mumkin?

Psixofaol moddalarni iste'mol qiluvchi shaxslar qanchalik o‘zlarini oshkor bo‘lib qolishlaridan himoyalanishga urinmasin, ushbu moddalar ta'sirida qilgan hatti-harakatlar ularning holatini oshkor qiladi.

O‘tkazilgan kuzatuvlar tahlili psixofaol moddalarni suiiste'mol qilayotgan yoshlarda quyidagi belgilar paydo bo‘lishini ko‘rsatmoqda:

A) o‘zini tutishdagi birlamchi o‘zgarishlar:

— psixofaol moddalarning nomini aytganda, yuzida xursandchilikni paydo bo‘lishi;
— psixofaol moddalarni suiiste'mol qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi ijobiy hikoyalar;
— psixofaol moddalarni suiiste'mol qilgan insondagi rohatlanish holatini to‘liq yoritib bera olish;
— psixofaol moddalarning birini boshqasi bilan taqqoslay olish, “afzalliklari” haqidagi xabardorlikni namoyish qilish;
— kayfiyatni ko‘tarish uchun ma'lum dorilarni iste'mol qilish “zamon talabi”, “zamonaviylik” belgisi haqidagi bayonotlar;
— atrofidagi do‘stlarining o‘zgarishi, jargonga xos so‘zlashuv uslubi paydo bo‘lishi.

B) xatti-harakatlaridagi o‘zgarishlar:

— maxfiylikni ortib ketishi (qaerda va kimlar bilan bo‘lganligi, borish manzillarini aytishni istamasligi, tez-tez yolg‘on ishlatishi);
— og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi dorilarga qiziqishning ortishi;
— uxlash sikli o‘zgarib qolishi (kunduzi uxlaydigan bo‘lib qolishi);
— ishtahaning yo‘qolishi;
— doimiy chanqoqlik holati;
— pulga bo‘lgan ehtiyojni ortishi (do‘stlaridan ko‘p qarz so‘raydigan bo‘lib qolishi).

V) xulq-atvoridagi belgilar:

— birdaniga paydo bo‘luvchi kuchli aktivlik, yuqori emosional kayfiyat;
— oldinlari kuzatilmagan xatti-harakatlarni paydo bo‘lishi (o‘ta xushmuomalalik, hazilkashlik va h.k.);
— birdaniga och qolib, o‘rnatilgan vaqtni kutmasdan ovqatlanish holati, ovqatni har doimgidan ko‘p iste'mol qilishi yoki teskarisi – bir kun davomida ovqat yemaslik;
— yaxshi o‘qiyotgan talaba birdaniga javoblari mantiqsiz, berayotgan savollarining mazmuni tushunarsiz bo‘lishi;
— birdaniga xavotirlik hissi paydo bo‘lib, tushkunlikka tushib qolishi;
— ko‘ziga har xil narsalar ko‘rinishni boshlanishi, o‘zini o‘ldirish haqidagi gaplar ko‘payib qolishi (vasvasa);
— egoistik xatti-harakatlar kuchayib, odob-axloq qoidalariga ochiqdan-ochiq rioya qilmasligi;
— qiziqishlarining to‘satdan o‘zgarishi;
— birdaniga kuchli charchoqning paydo bo‘lishi yoki quvvatning ortishi;
— vasvasalar (ko‘pincha paranoid yoki persekutor vasvasa), psixomotor buzilishlar (qo‘zg‘alish yoki stupor), his-tuyg‘ular kuchli qo‘rquvdan ekstazgacha o‘zgarishi bilan tavsiflanadi;
— to‘satdan jizzaki bo‘lish (xumor tutishi vaqtida).

G) buyumlaridagi belgilari:

— turli rangdagi kukunlar va kristallar, tamaki va o‘simlik aralashmalari borligi;
— katta summadagi to‘lov cheklari;
— qo‘l tarozilari;
— telefonida turli notanish chatlar, botlar, chekka joylarning lokatsiyasi, ya'ni odam kam yuradigan yo‘laklar, daraxtzorlar, bolalar maydonchalari suratlarining paydo bo‘lishi;
— yonidan kuyish alomati bo‘lgan pipetka, o‘ralgan pul kupyurasi, yaltiroq qog‘oz, izolenta, zip-paketlar singari noodatiy narsalar ko‘p chiqishi;
— telefon yoki komp'yuterda “TOR” brauzeridan foydalanganlik holatlari kuzatilishi (ushbu brauzer Darknet tizimidan (ingl. darknet – “yashirin tarmoq”) foydalanish imkonini beradi);
— bir va undan ortiq telefon apparatidan (sim-kartasiz) foydalanishi.

D) psixofaol moddalarni suiiste'mol qilishning klinik belgilari:

— tutqanoq tutishi;
— insul'tga olib kelishi;
— jigarni ishdan chiqishi;
— burunning tez-tez qonashi va oqishi;
— ko‘p terlash, terda o‘ta notanish hid hamda butun tanada yoriqlar paydo bo‘lishi;
— sochlar sinuvchan bo‘lib qolishi;
— ko‘z qorachig‘ining sezilarli darajada kengayishi.

Psixofaol moddalarni suiiste'mol qilgan shaxsda uning tashqi belgilari kamida 48 soat saqlanib turadi. Bu iste'mol qilgan dorining turiga, miqdoriga va tarkibiga bog‘liq. Biroq, insondagi psixik buzilishlar ba'zi holatlarda bir umrga saqlanib qoladi.

© O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi

Barcha yangiliklar

Text to speech