Toshkent shahar IIBBda o‘z xizmat vazifalarini to‘laqonli, sidqidildan bajarish bilan birga sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanib, jahon sport maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sohamiz xodimlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular Vatanimiz shon-shuhratini dunyoga tanitish barobarida ichki ishlar organlari xodimi degan sharafli nomni yuksaklarga ko‘tarib kelishmoqda. Kuni kecha Fransiya davlatining Lill shahrida Yevropa davlatlari mezbonligi ostida sportning dzudo turi bo‘yicha “Yevropa ochiq kubogi” chempionati o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan tashrif buyurgan 100dan ortiq mahoratli, nomdor sportchilar g‘oliblik uchun murosasiz kurash olib bordilar. Musobaqada Respublikamiz ichki ishlar vazirligi terma jamoasi tarkibida maydonga tushgan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasining 3 nafar a’zosi: Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan F.Sharipov, Shayxontohur tuman IIO FMB Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan H.Atadjanov va IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik bataloni 2-otradi 1-guruh komandiri, katta leytenant B.Inoyatovlar yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Avval xabar berganimizdek, 100 kg vazn toifasida Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan F.Sharipov 1-o‘rinni egalladi. 100 kg.dan ortiq vazn toifasida maydonga tushgan Shayhontohur tumani IIO FMB Navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan Hamid Atadjanov keskin va shiddatli janglarda 1-faxrli o‘rinni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. 81 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida maydonga tushgan Toshkent shahar IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik bataloni 2-otrad 1-guruh komandiri, katta leytenant Bahrom Inoyatov esa belgiyalik raqibini so‘zsiz mag‘lub etib, 3-o‘ringa ko‘tarildi. Toshkent shahar IIBB rahbariyati, shaxsiy tarkibi Vatanimiz shuhratini jahon bo‘ylab yoyib, davlatimiz madhiyasi va bayrog‘ini Yevropa zamini uzra baralla taratib zafar qozongan hamkasblarimizni qizg‘in tabriklab, ularga mustahkam sog‘liq, oilaviy saodat va Vatanimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlash yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.