28 Oktyabr 2024 Yil 530

Siylaganni sigir bilmas, odam-chi...

Bir oyda bir marta beriladigan maoshga qanoat qilmagan  Tohir kunlik mehnat bozoriga chiqib tirikchilik qilib yurdi. Kunbay ish unga yoqib tushdi, negaki, kuniga qo‘lingda pul bor. Ro‘zg‘orga yetib turibdi. Biroq bu xotin degani uch nafar voyaga yetmagan farzandlarini, ularni yemak-ichmagi, ust-boshiga yetmayotganini ro‘kach qilaverib joniga tegardi. Bunday ishning barakasi yo‘q, doimiy ish  topib ishlang, deb holi-joniga qo‘ymasdi. Eh, bu xotin qayoqdan bilsin: mijoz manziliga yetguncha tushlik bo‘ladi, imi-jimida aytgan ishlarini qilasan qarabsanki, kech tushadi, kelishilgan pulni olib ketaverasan. Six ham kuymaydi, kabob ham. Nimasi yomon... Ammo xotiniga buni tushuntirib bo‘lmaydi. Ochig‘i, bora-bora Tohirga bu ish ham yoqmay, ko‘ngli katta pulni tusab, uni qanday qo‘lga kiritish haqida o‘ylay boshladi. Shu bilan xotinining ham chakagini o‘chirib qo‘yishni niyat qildi.

2022 yilning ayni bahor fasli.  Hamma yoq jonlanib, yashnab, gullash, harakat ishtiyoqida. Uning ham paytavasiga qurt tushgan. Qishning uzun tunlarida bekorchilikdan tuzgan rejasini amalga oshirish vaqti kelgandi. U sinfdoshi Baxtiyorga qo‘ng‘iroq qilib muhim bir ishda yordam berishini so‘rab, uchrashuvga taklif qildi.

– Do‘stim, bilasan, uchta yosh bolalarim bor. Mardikor ishlab kosam oqargani yo‘q. Yordamingni ayamasang. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomashina topib bersang, kirakashlik qilib, ro‘zg‘orimni tebratsam. Yo‘q, dema! Yaxshiligingni bir umr unutmayman.

– Bilaman, hozir  hammaga qiyin. Men so‘rab-surishtiray. Topganim hamon senga qo‘ng‘iroq qilaman.

Baxtiyor lafzida turdi: sinfdoshining oilasiga, bolalariga achinibmi, tanishi Botirga tegishli avtomashinani gaplashib berdi. Biroq Tohir avtomashinani qo‘lga kiritishi bilanoq pulini nasiya qilib, uni sotish taraddudiga tushdi. Avtomashinaga darrov xaridor ham topila qoldi va uni 8.200 AQSH dollariga sotib yubordi, pullarni esa o‘zi ishlatdi.       

– Yaxshilikka yomonlik, deb shunga aytsalar kerak, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Ulug‘bek Fozilov. – Tohir ilgari: bir yil oldin ham firibgarlik jinoyati uchun sudlangan, o‘shanda  oilaning yagona boquvchisi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi,  muqaddam sudlanmaganligi inobatga olinib, unga ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan edi. Biroq Tohir bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi. Birinchi jinoyati uchun sud hakamlari uning oilasi, farzandlari haqida qayg‘urib unga yengil jazo berdi, ammo o‘zi bu haqda o‘ylamay, yana jinoyatga qo‘l urdi.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1991 yilda tug‘ilgan Tohirning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi inobatga olinib, oylik ish haqining  20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech