31 May 2024 Yil 794

Singil uchun marvarid

Voqea joyiga yetib kelgan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tezkor-tergov  guruhi xodimlari uy devorining past ekanligiga eʼtibor qaratishdi. Eshik qulfi buzilmagan. Demak deraza darchasi ochiq qoldirilgan. O‘g‘ri darcha orqali derazani ochib kirgan. Devordagi oyoq izlarini aniqlagan ekspert-kriminalistning dastlabki xulosasi ham buni tasdiqladi. Ilk zaruriy harakatlar olib borilib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan suhbatlashildi. Bu xonadondan  katta miqdorda pul va qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlangandi. Ularning shaklu shamoyili aniqlanib, ro‘yxati tuzildi. Xulosa qilish mumkinki, jinoyatni bu uyni bilgan, qayerda  nima joylashganidan xabardor shaxs amalga oshirgan. Yoki u “yollangan”. Surishtiruvlar natijasida bir emas olti marta o‘g‘irlik jinoyati uchun qamalib chiqqan, umrining aksariyat qismini panjara ortida o‘tkazgan Vasil (ismlar o‘zgartirilgan) gumondor sifatida so‘roq qilindi. Tergov harakatlari jarayonida uning shaxsi o‘rganilganda,  ota-onasi allaqachon ajrab ketishgani, otaning qayerda ekanligi nomaʼlum, ona bo‘lmish esa o‘zga yurtlarda yashashi, na manzili na daragi borligi maʼlum bo‘ldi. Vasil ikki voyaga yetmagan singlisi bilan amakisining uyida yashab kelarkan. So‘nggi paytlarda Vasil ota-ona mehriga to‘ymagan, amakining uyida ijarada turgandek, qisinib-qimtinib yashayotgan singillariga munosib aka bo‘lolmagani, ularga yetarli shart-sharoit yarata olmaganidan o‘ksib yurarkan. Shunchaki suhbat o‘tkazilganda, Vasilning o‘zi o‘g‘rilik sodir etganini tan oldi. Uning jinoyatni tez bo‘yniga olganidan gumonlangan tergovchi voqea tafsilotlarini so‘rarkan,  tergov eksperimenti o‘tkazishga qaror qildi. Vasil bexato uy tomon boshlab bordi. Derazaga gaz  quvuri orqali chiqqanini, darchani ochib qirgani, pul va taqinchoqlarni qaysi javondan o‘g‘irlaganini adashmay ko‘rsatib berdi. Endigi vazifa ashyoviy dalillarni topish edi. Uning uyida tintuv o‘tkazish uchun order olindi. Sinchiklab o‘tkazilgan tintuv jarayoni hech qanday natija bermadi. Pullar-ku mayli, ishlatib yuborilgandir, ammo tilla taqinchoqlarni tezda sotib yuborishning imkoni yo‘q. Demak boshqa joyga yashirilgan. Xodimlarning hafsalasi pir bo‘lib, ketishga taraddudlanayotgandi, tergovchining ko‘zi  ko‘chadan yugurib kirgan Vasilning kichik singlisi bo‘lmish Odinaning bo‘ynidagi qimmatbaho durga tushdi. Dur salmoqli bo‘lib, kichiklardan ko‘ra kattalarning bo‘yniga mos edi. Narxi ham o‘ziga yarasha ekanligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Tergovchi qizcha bilan suhbatlashish  uchun tajribali pedagogni taklif etib, amakisini, xolislar ishtirokini taʼminladi. O‘ta ehtiyotkorlik va samimiyat bilan o‘tkazilgan suhbat asnosida qizcha marvaridni tug‘ilgan kunida akasi Vasil sovg‘a qilganini aytib berdi. Tug‘ilgan kun - o‘g‘rilik sodir etilgan kun edi. Tergov jarayonida Vasilning aybi to‘liq isbotlandi va u o‘z jinoyati uchun qonun oldida javob berdi. 

Barcha yangiliklar

Text to speech