O‘zbekiston – ona Vatanim. Shu serquyosh zaminda tug‘ilib, kamolga yetdim. O‘zim tatar millatiga mansub bo‘lsam-da, o‘zbeklar bilan bir mahallada katta bo‘lganim uchun to‘y-ma’rakalari, urf-odatlari, mehmondo‘stligi menga begona emas.
Hozir Uchtepa tumani IIOFMB 1-sonli IIB HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimida xizmat qilib kelyapman. Men xizmat olib borayotgan hududda 14 ta mahalla bo‘lib, 70 mingdan ortiq o‘zbek, rus, tojik, qozoq, tatar va boshqa turli millat vakillaridan iborat xotin-qizlar istiqomat qiladi.
Tumanda 8 nafar hamkasbim bilan oilaviy nizo va ajrimlarning oldini olish, oilalar totuvligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratishimiz bo‘yicha doimiy fikr almashishimiz o‘z samarasini berayotgani quvonarlidir.
Xizmat faoliyatim davomida O‘zbekistonda barcha millat vakillari bir oila farzandlaridek, ozod va obod Vatan ravnaqi, tinchligi hamda farovonligi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilayotganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman.
Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimni, hamkasblarimni eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 32 yilligi bilan samimiy qutlayman. Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onga hech qachon darz ketmasin. Go‘zal va jonajon O‘zbekistonimiz kelajagi uchun xizmat qilish yo‘lida aslo charchamang!