20 Fevral 2025 Yil 1130

Shahardan chiqishga ulgurishmay ushlandi

Yigitlarga harbiy kiyim juda yarashadi. O‘zgacha savlat, viqor va jasurlik bag‘ishlaydi. Avazbek ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yigitlik burchlarini o‘tab qaytgan yaqinlari, mahalladoshlarini harbiy kiyimlarda ko‘rib havasi kelardi. Toshkent Oliy harbiy bilim yurtiga kirib o‘qish, Vatan himoyachisi bo‘lishni niyat qilgan Avazbek o‘quvchilikning oxirgi yillarida butun diqqat-e'tiborini o‘qishga, jismoniy chiniqishga qaratdi. U 1996 yilda orzusiga yetishdi. Kursantlik yillari ko‘z ochguncha o‘tib, 2000 yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli tugatgan Avazbek Toshkent shahar Olmazor tumani IIB PPX brigadasi 2-batalyon 2-otryad vzvodi komandiri lavozimida, leytenant unvonida ish boshladi. Bilim yurtida olgan bilimlarini amaliyot bilan boyitdi, tajriba va malakasini oshirdi. Uning o‘z vazifasiga sidqidildan yondashuvi, topshiriqlarni vijdonan bajarishi, mas'uliyatliligi rahbariyat e'tiboriga tushdi. 2011 yilda Toshkent shahar IIBB Navbatchilik qismi katta inspektori lavozimiga ishga tavsiya qilinganida u mayor unvonida, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlashga oid me'yoriy hujjatlarni to‘laqonli o‘zlashtirgan, ish uslublarini amaliyotda samarali qo‘llay oladigan, zaruriy tajriba va ko‘nikmalarga ega yetuk mutaxassisga aylangandi. Keyinchalik mazkur xizmat negizida tashkil etilgan Yagona tezkor boshqaruv markazida smena boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan podpolkovnik Avazbek Irismetov poytaxt hududida sodir etilayotgan jinoyat, huquqbuzarliklar bo‘yicha tushayotgan murojaat va xabarlarga tezkor munosabat bildirish, zaruriy chora-tadbirlarni to‘g‘ri tashkillashtirish, xodimlar sa'y-harakatlarini samarali uyushtirish asnosida ko‘plab jinoyat va qonunbuzilishlarining oldini olishga muvaffaq bo‘ldi. Shu o‘rinda yuqoridagilarning isboti tariqasida kuni kecha Shayxontohur tumanida sodir bo‘lgan bosqinchilik jinoyati tafsilotlari haqida ma'lumot bermoqchimiz. Toshkent shahar IIBBning “102” telefon raqamiga bosqinchilik haqida xabar tushishi bilan Avazbek arizachi bilan bog‘landi va voqea tafsilotlarini so‘radi. Bosqinchilarning hujumidan esankirab qolgan jabrdiyda ular mingan mashinaning rusumi “Nexia” ekanligi faqat hududiy raqami – “40” soni yodida qolganligini aytdi. Avazbek zudlik bilan bosqinchilik “Nexia” avtomashinasida, hudud raqami “40”ligiga e'tibor qaratish, barcha shahardan chiquvchi va shaharda harakatlanuvchi shu raqamli avtomashinalar to‘xtatilib tekshirilishi bo‘yicha “Qo‘lga olish” tadbirini e'lon qildi. Jabrlanuvchi bosqinchilar Yunusobod tumani tomon harakatlanganini ta'kidlaganiga qaramay, ko‘rsatma asosida qat'iy ish olib borgan xodimlar xuddi shunday raqamli avtomashinani shahar hududidan chiqishda joylashgan “Erkin” postida to‘xtatishdi. Avazbek to‘xtatilgan avtomashinadagi shaxslarning suratini tashlashni so‘radi. Suratni telegramm tarmog‘i orqali jabrlanuvchiga ko‘rsatganida u bosqinchilarni tanidi. Postga yetib borgan Bosh boshqarma rahbariyatiga bu haqda ma'lumot berdi. Avtomashina tekshirilganda, jabrlanuvchidan tortib olingan 20.000 AQSh dollari, boshqa avtomashinaga tegishli bo‘lgan davlat raqam belgisi ashyoviy dalillar sifatida olindi. Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazi xodimlari jumladan, podpolkovnik Avazbek Irismetovning tezkor xatti-harakatlari, jabrlanuvchidan zaruriy ma'lumotni olib tadbirni to‘g‘ri tashkillashtira olgani bois ushbu bosqinchilik jinoyati “issiq izidan” ochilishiga erishildi. Ayni paytda mazkur bosqinchilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qo‘lga olingan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech