Kuni kecha poytaxtimizning Mirobod tumanidagi “Mirobod” mahallasida istiqomat qiluvchi aholining murojaatlarini joyida o‘rganish va hal etish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Ulug‘bek Agzamxodjayev boshchiligida o‘tgan sayyor qabulda tuman sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar masʼullari ishtirok etishdi.
Qabulda 18 nafar fuqarolar 19 ta masala va muammolar yuzasidan murojaat qilishdi. Fuqarolar subsidiya va kredit olish masalasida, ishga kirish yuzasidan, davolanish uchun tibbiy order olish, ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaat qilishdi.
Shuningdek, 2 nafar fuqarolar muqaddam qilgan murojaati tegishli mutasaddilar tomonidan hal etib berilganligini maʼlum qilib, minnatdorchilik bildirishdi. Jumladan, 3-sektor hududidagi Mironshox ko‘chasida istiqomat qiluvchi O‘g‘iloy Dexqonboyeva joriy yilning mart oyida boquvchisi yo‘qligi va yolg‘iz yashashligini bildirib, uy-joyini taʼmirlashda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan edi. Uning murojaati tuman 3-sektor boshlig‘i Otabek Xadjayev tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etildi. Endi O‘g‘iloy opa kuzni yangi taʼmirdan chiqqan va tomlari to‘liq yopilgan uyida kutib olmoqda. O‘.Dehqonboyeva avvalambor, davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirib, har bir mahallada o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar o‘z natijasini berayotganligini, yolg‘iz insonlar ham davlat himoyasida ekanligini xis qilishayotganligini aytib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Qabul natijasida 10 nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal etildi, bir nafariga huquqiy tushuntirish berildi, 8 ta murojaat yuzasidan ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi va hal etish muddatlari belgilandi.
Bu kabi sayyor qabullar joylarda muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.