21 Iyun 2025 Yil 431

Sayyor qabulda aholi murojaatlari yechim topmoqda

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan sayyor qabullar tizimi aholining talab va ehtiyojlarini qondirish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yana-da yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimiz aholisi uchun tashkillashtirilgan navbatdagi sayyor qabul Sergeli tumanida joylashgan “Bolalar kutubxonasi” binosida bo‘lib o‘tdi. Sergeli va Yangihayot tumanlari aholisini murojaatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabulda poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etishdi.

Sayyor qabul davomida jami 38 nafar fuqarolarning muammolari o‘rganildi. Ulardan 12 tasi surishtiruv va tergov harakatlari yuzasidan, 4 tasi mol-mulk masalasida, 5 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, xizmatni o‘tash va qayta tiklash yuzasidan, 3 tasi oila turmush doirasida kelishmovchilik, 8 tasi probatsiya hisobida turgan shaxslarni muddatidan ilgari shartli ozod qilish masalasida hamda 6 tasi ijtimoiy masalada moddiy yordam bo‘yicha murojaat qildilar.

Murojaatlarning 9 tasi joyida ijobiy hal etildi, 3 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 26 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabul davomida fuqaro Z.Saydaliyeva yashash xonadonida yong‘in bo‘lganligi sababli, uyini taʼmirlab berishda amaliy yordam so‘radi. Ushbu murojaat yuzasidan, Sergeli tumani IIO FMB masʼullari tomonidan fuqaroning uyini taʼmirlab berishda amaliy yordam ko‘rsatilishi belgilandi.

Shuningdek, poytaxtimizning Sergeli va Yangihayot tumanlari IIO FMB Probatsiya xizmati hisobida turgan jami 8 nafar fuqarolar Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Bu kabi sayyor qabullar aholi va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni taʼminlash, muammolarni kechiktirmasdan hal etishda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu tadbirlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda samarali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech